Fransiya hukumati RT France telekanali sobiq bosh muharriri Kseniya Fyodorovani mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Libération gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Parij politsiyasi prefekturasi Fyodorovaning advokatiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan imzolangan deportatsiya haqidagi qarorni topshirgan.
Hujjatda qayd etilishicha, Fyodorovaning xatti-harakatlari Fransiya davlatining asosiy manfaatlariga zarar yetkazadi, uning mamlakatda bo‘lishi esa jamoat tartibi uchun «o‘ta jiddiy va dolzarb tahdid» hisoblanadi.
Qarorda, shuningdek, Kseniya Fyodorova Rossiya hukumati tomonidan boshqariladigan dezinformatsiya kampaniyalarini tarqatishda ishtirok etayotgani, bunday kampaniyalar esa Fransiyada jamoat tartibini izdan chiqarishga qaratilgani ta’kidlangan.
RT France telekanali Yevropa Ittifoqi sanksiyalari joriy etilganidan so‘ng 2023 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi. Telekanal yopilganidan keyin ham Fyodorova Fransiyada qolib, fransuz tilida xotiralar kitobini nashr etgan.
2026 yil may oyida esa u Fransiyaning o‘ng-konservativ mediaholdingiga ishga o‘tgani ma’lum bo‘lgan. Fyodorova xalqaro mavzularga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarda sharhlovchi sifatida qatnashib, CNews telekanali, Europe 1 radiosi va Le Journal du Dimanche gazetasida haftalik mualliflik ruknini yuritib kelgan. Ushbu OAVlar fransuz milliarderi va mediamagnati Vensan Bollorega tegishli.
Le Monde gazetasi avvalroq Fyodorovani Bollorening qo‘llab-quvvatlovchisi sifatida ta’riflagan. Shuningdek, uning xotiralar kitobi ham Bollorega qarashli Fayard nashriyoti tomonidan chop etilgan.
AFP agentligining ma’lum qilishicha, Fyodorovaning ish beruvchilari uning deportatsiya qilinishi haqidagi qarorni so‘z erkinligiga qarshi «juda jiddiy tajovuz» deb baholagan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa 2017 yildayoq Kseniya Fyodorovani «propagandachi va Kreml ta’sirining vositasi» deb atagan edi. Joriy yil iyun oyida uning yangi mediadagi faoliyati haqida so‘ralganida, Fransiya prezidenti bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmaganini yana bir bor ta’kidlagan.











