Jahon | 09:33 / 27.01.2026
1283
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada harbiy holat va safarbarlik 4 maygacha uzaytirildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy Radaning ma’qullagan qonun loyihasini imzolab, mamlakatdagi harbiy holat va safarbarlikni 90 kunga uzaytirdi. Keng ko‘lamli hujum boshlanganidan beri bu qaror 18-marta qabul qilinmoqda.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatda harbiy holat va safarbarlikni 90 kunga uzaytirdi. Tegishli qarorlar 26 yanvar, dushanba kuni Oliy Rada saytida e’lon qilindi. “RBK-Ukraina” agentligi qayd etishicha, 2022 yil fevral oyidan buyon Ukrainada harbiy holat va safarbarlik 18-marta uzaytirilmoqda.

Zelenskiy ushbu ikki hujjatni parlamentga 12 yanvar kuni kiritgan, 14 yanvar kuni esa deputatlar ularni ma’qullab, prezident imzosiga yuborgan. Qonun loyihalariga ko‘ra, safarbarlik va harbiy holat 3 fevraldan 4 maygacha amal qiladi. Fevral oyi boshigacha safarbarlik va harbiy holat 2025 yil oktyabr oxirida ma’qullangan avvalgi shunga o‘xshash qonun loyihalari asosida saqlanib turadi.

Ukrainada harbiy holat Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy hujumi boshlangan paytdan beri amal qiladi. O‘sha kuni Zelenskiy fuqarolarni umumiy safarbarlikka jalb qilish to‘g‘risidagi qonunni ham imzolagan. 2025 yil avgust oyida Ukraina hukumati 18–22 yoshdagi yoshlarga Ukrainadan chiqib ketishga ruxsat bergan.

2025 yil dekabr oyi oxirida Ukraina prezidenti Rossiya bilan urush Ukraina xavfsizlik kafolatlarini olmaguncha tugamasligini, shu vaqtgacha harbiy holat ham bekor qilinmasligini bildirgan. Yanvar oyi oxirida Zelenskiy AQShning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga doir hujjati “100 foiz tayyor” ekanini aytdi. “Biz sheriklarimiz uni imzolash sanasi va joyini tasdiqlashini kutyapmiz”, — dedi davlat rahbari.

Harbiy holat rejimi Ukraina hokimiyatiga qator cheklovlarni joriy etish huquqini beradi. “RBK-Ukraina” ta’kidlashicha, uning amal qilish davrida mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish taqiqlanishi, shuningdek transport harakati — Ukraina fuqarolari va xorijliklar uchun ham cheklanishi mumkin. Bundan tashqari, davlat ayrim toifadagi aholi uchun mehnat majburiyati yoki jamoat uchun foydali majburiy ishlar kiritishi mumkin. Shuningdek, armiya ehtiyojlari uchun mulkni majburan olib qo‘yish (majburiy musodara/ajratib olish)ga ham ruxsat beriladi.

Harbiy holat vaqtida Ukraina suverenitetiga tahdid soladigan siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlanishi, mitinglar, namoyishlar va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish cheklanishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Harbiy holat rejimi amal qilgani sababli Ukrainada 2024 yilga rejalashtirilgan davlat rahbari saylovlari bo‘lib o‘tmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid