Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida odamlar hayoti uchun xavfli bo‘lgan Nipah virusi tarqalishi qayd etildi. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida ba’zi Osiyo mamlakatlari rasmiylari Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilarni tekshirishni kuchaytirdi. BBC vaziyat bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni jamladi.

Tailand G‘arbiy Bengaliyadan parvozlarni qabul qiluvchi uchta aeroportda yo‘lovchilarni tekshirishni boshladi. Nepal nafaqat Katmandu aeroportiga kelganlarni, balki Hindiston bilan quruqlikdagi chegara punktlari orqali mamlakatga kirganlarni ham tekshirmoqda.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari ham chegara o‘tkazish punktlarida tibbiy nazoratni kuchaytirdi.

Yanvar oyi boshida G‘arbiy Bengaliyada besh nafar tibbiyot xodimi virusga chalingan, ulardan birining ahvoli og‘ir. Ular bilan muloqotda bo‘lgan 110 ga yaqin kishi karantinga olingan.

Virus hayvonlardan odamga yuqishi mumkin. Ushbu kasallikka qarshi vaksina yoki davo yo‘qligi sababli, undan o‘lim darajasi juda yuqori - 40 foizdan 75 foizgacha.

Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston nazoratni kuchaytirmoqda

27 yanvar kuni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda birorta ham kasallanish holati qayd etilmaganini ma’lum qildi.

«Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q. Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi har qanday ehtimoliy epidemiologik tahdidlarga zudlik bilan javob berishga tayyor», deyiladi vazirlik xabarida. Idora «ehtimoliy infeksiya kirib kelishining oldini olish uchun» chegarada sanitariya nazorati kuchaytirilganini tasdiqladi.

O‘zbekiston hukumati ham kasallik holatlari yo‘qligini ma’lum qildi, bu yerda ham chegarada nazorat kuchaytirildi. Ta’kidlashicha, «ushbu kasallikning mamlakatga kirib kelish ehtimoli juda past».

Avvalroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi chegarada «Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratgan holda» sanitariya va karantin nazorati kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.

Nipah virusi nima va uning qanday belgilari bor?

Nipah virusi odamlarga hayvonlardan, masalan, cho‘chqalar va ko‘rshapalaklardan yuqishi mumkin. Bundan tashqari, u odamdan-odamga zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi.