AQŞning Minneapolis şahrida federal immigratsiya xizmati ICE xodimi 37 yoşli Amerika fuqarosi Aleks Prettini otib öldirdi. Xuddi şu şaharda, xuddi şu xizmat xodimi 37 yoşli ayolni otib öldirganiga bir oy ham bölgani yöq. Qisqa vaqt içida umuman boşqa iş bilan şuğullanişi kerak bölgan zobitlar bir şaharda ikki kişini otib öldirgani amerikaliklarni şokka tuşirdi.
Tramp yaqindagina qöşni davlat prezidentini olib qoçdi, Yevropa markazidagi uruşni «bir kunda tugatiş» örniga uruşdan jabrlanayotgan davlatni ayblab yurdi, boşqa davlatga tegişli orolni bosib olişini aytib, Yevropa Ittifoqiga tahdid qildi. Eng «strategik» boşoğriği tuxum narxi oşişi bölgan amerikaliklar esa milliarder Trampning bu işlariga köz yumdi.
Ammo qaraşsa, xuddi şu Trampning buyruği bilan muhojirlarni xörlaş bilan şuğullanayotgan politsiyaçilar Amerika fuqarolarini hammaning köz öngida otib taşlaşni boşladi. Şunda Sem amaki va jiyanlari nihoyat boşlarini tuxum terib qöyilgan peştaxtadan kötarib «ey, nimalar bölyapti özi?» deb atrofga qaray boşlaşdi.
Kongress qani?
Amerikaliklar özlarining «demokratiya himoyaçisi» ekanini iddao qilib, ikki partiyaviy tizimi bilan maqtanadi. Göyoki doim kuçli bölgan muxolif partiya hukmron partiyaga istaganini qilişga imkon bermaydi. Lekin bularning barçasi mif bölib çiqdi. Tramp ikkinçi muddatga kirişganidan keyin amalda Amerika bir partiyali davlatga aylanib qoldi, har qança ğalati bölmasin, xuddi kommunistik davlatlar kabi.
Demokratik partiya borligi ham unutilgandek. Töğri, ular Nyu York va yana ba’zi şaharlardagi merlik saylovlarini yutdi, keyingi saylovda respublikaçilarga yana jiddiy raqobat qilişi mumkindir, lekin partiya faqat saylov vaqtida köriniş berişi kerak emas-ku? Demokratik partiyaning yangi lideri kim özi? Bayden-ku tuşunarli, endi siyosiy nafaqada. Kamala Harris qani? Nega Trampning ğalati qarorlariga partiya orqali qarşi çiqişga urinmayapti?
Demokratik partiyani qöyaturaylik, Kongress degan tillarda doston tizim ham himoyasiz ekani körinib qoldi. Nahotki respublikaçilar partiyasidagi hamma Amerika fuqarolari otib öldirilişi, Amerika boşqa davlat yerini bosib olişga tahdid qilişini oddiy qabul qilsa? Kongress Amerika prezidentini tiyib turişi kerak bölgan qonunçilik tizimimi özi yoki prezident taşabbuslarini qöl kötarib tasdiqlab beradigan soxta idorami?
Tramp ikkinçi muddatida qiladigan işlarini Kongressdan sörab ötirgani ham yöq. Bu esa Amerikada qonun ustuvorligi haqida iddaolar ham işonçsiz ekanini körsatadi. Har holda Tramp hukmronligi davrida. Hozir Amerikada qonun emas, Tramp ustuvor. Buning nomini diktatura deyişadi! Tramp Davosdagi çiqişida özini diktator deb atadi va bundan uyalgani ham yöq.











