Idora xodimlari REAG-GARP dasturiga “katta qiziqish” borligini aytdi. Dastur doirasida parvoz xarajatlari to‘lab beriladi hamda kattalar uchun 1000 yevro, bola uchun 500 yevro miqdorida “boshlang‘ich grant” beriladi.

2025 yilda boshpana so‘rovchilar eng ko‘p qaytgan davlatlar — Suriya va Turkiya bo‘ldi. 2025 yil dekabri oxiriga kelib, Suriyaga 3678 kishi, Turkiyaga esa 4432 kishi yo‘l olgan.

BAMF aniqlashicha, 2025 yilda Germaniyadan Rossiyaga 1334 kishi ketgan. Idora qayd etishicha, statistikada qaytganlardan kimlari federal dasturlar orqali, kimlari esa o‘z tashabbusi bilan ketgani alohida ko‘rsatilmaydi.

Bundan tashqari, qochqinlar Gurjiston, Iroq, Kolumbiya va Shimoliy Makedoniyaga ham uchib ketgan. Shuningdek, kelib chiqish davlatlari bo‘yicha “o‘ntalik”ka Armaniston, Ozarboyjon va Venesuela ham kirgan.

Umumiy ko‘rsatkichning taxminan 60 foizga oshishi migratsiya siyosatidagi o‘zgarishning “muhim elementi” ekanini Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt bildirgan.

Dastur Germaniya federal hukumati va federal yerlar hokimiyatlari tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi.

Ariza topshirish huquqiga quyidagilar ega: boshpana olish jarayonida bo‘lganlar, hali hujjat topshirmaganlar, arizasi rad etilganlar, boshpana olish huquqi borlar, “mamlakatda qolishga ruxsat etilgan” maqomida bo‘lganlar.