Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ko‘p hollarda kutilmagan jinoyat emas – mutaxassislar zo‘ravon shaxslarning umumiy psixologik va ijtimoiy belgilari mavjudligini ta’kidlaydi. Ammo O‘zbekistonda bu shaxslarni erta aniqlash, xavfni oldindan ko‘rish va bolani himoya qilishga qaratilgan tizim hali yo‘lga qo‘yilmagan. Kun.uz mutaxassislar xulosalariga tayangan holda zo‘ravonlarni erta aniqlash va buning ahamiyatini tushuntiradi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda nomusga tegish jinoyatlari ko‘paygan: 2024 yilda 359 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 381 ta shunday jinoyat sodir etilgan. Afsuski, bunday jinoyatlar bolalarga nisbatan ham sodir etilmoqda. 2026 yilning dastlabki oyidayoq Farg‘onada 14 yoshli qizning 4 erkak tomonidan zo‘rlanishi, Surxondaryoda 9 sinf o‘quvchisining jinsiy zo‘ravonlikka uchragani muhokamalar markazida bo‘ldi.

Zo‘ravonlikka uchragan bolalar kechinmalari

Jinsiy zo‘ravonlik bolaning faqat tanasida emas, ongida ham chuqur va og‘riqli jarohat qoldiradi. 7 yoshida qarindoshi tomonidan zo‘rlangan qizaloq shunday deydi: “O‘sha kundan keyin men qorong‘ilikni yomon ko‘rib qoldim. Har xil ovozlardan qo‘rqaman. Ayrim kattalar ko‘ziga qarash qiyin. Ba’zida juda baqirishni istayman, lekin ovozim chiqmaydi. Yig‘lagim keladi, hammani yomon ko‘raman, hatto o‘zimniyam”.

14 yoshli qiz esa jinsiy zo‘ravonlikdan keyin orzularidan ayrilganini aytadi: “Menga ishonmasliklaridan qo‘rqaman. Aybni menga ag‘darishlaridan qo‘rqaman. Do‘xtir bo‘lmoqchi edim, lekin hozir bittayam orzuyim yo‘q. O‘zimni majburlasam ham orzularimni miyamga keltirolmayapman. Hamma erkaklardan nafratlanaman, hatto dadamdan, o‘zimni ukamdan ham”.

Jabrdiydaga achinib, zo‘ravonlarni qoralab, jazolanishini kutamiz. Ammo biror tegishli tashkilot yoki tuzilmalar bunday jinoyatchilarni ertaroq aniqlash va jinoyatning oldini olish haqida bosh qotirmaydi.

Zo‘ravonlarni qanday aniqlash mumkin?

Gavhar Darvish (Teshaboyeva) psixoterapevt:

“Zo‘ravonlar shaxsini tahlil qilish yuzasidan tadqiqotlarda bunga qanday sabablar olib kelishini o‘rganishga urinib ko‘rganmiz. Bunda sabab sifatida birinchi omil – psixologik omil. Ya’ni bolaning o‘ziga ishonchi pastligi, agressiyaga moyilligi, uyida stressni boshqarish usullari o‘rgatilmaganligi. Jinsiy zo‘ravonlik eng pastki mayl – insonning hayvoniy hoxishlari hisoblanadi. Shu hayvoniy maylni boshqarish o‘rgatilmaganligi juda muhim. Keyingisi – ijtimoiy omil. Bunda oila ichidagi va oila tashqarisidagi omillar bor. Oila ichida: oilada shunaqa zo‘ravon shaxslar borligi. Masalan, zo‘ravonlik turlari bor – jinsiy, jismoniy, ma’naviy zo‘ravonlik bor, urmasdan turib ham inson zo‘ravonlik qilishi mukin. Oilada zo‘ravon ota-ona, agressor borligi, doimiy baqir-chaqir yoki jazolash borligi. Bu yerda gap ba’zida yuz beradigan shunaqa vaziyatlar haqida ketmayapti, doimiy jazolash, urish aytilyapti. Bobosi, buvisi, ota-onasi, o‘gay otasi tomonidan zo‘rlangan (tahqirlangan, kaltaklangan) bolalar ham kiradi bu guruhga. Bolaligida zo‘ravonlik ko‘rgan bolalar haqida ketyapti gap. Uchinchi omil – jamiyatda zo‘ravonliklarga neytral munosabatda bo‘lish. Ya’ni zo‘ravonlik sodir bo‘ldimi, bunga qurbonning o‘zi aybdor degan qarashning borligi. Bundan tashqari genetik omillar (irsiy moyillik) ham bor. Aynan zo‘ravonlar geni aniqlanmagan bo‘lsa ham, otasi yoki onasi tomonidan shunaqa jinoyat sodir etganlar, alkogoliklar, narkomanlarning borligi ham bu naslda shunday shaxslar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.