Angliya ligasi kubogi, yarimfinal, javob uchrashuvi
«Arsenal» – «Chelsi» 1:0
Gol: Havers, 90+7 (1:0)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Timber, Subimendi, Rays, Eze, Martinelli, Madueke (Trossar, 69), Yokeresh (Havers, 69)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Hato (Palmer, 60), Fofana, Fernandes, Santos (Garnacho, 75), Kaysedo, Kukurelya, Gyusto (Achimpong, 87), Delap (Estevao, 60), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Delap, 56. Gyusto, 68. Estevao, 71
(Birinchi o‘yin 3:2)

«Arsenal» ham, «Chelsi» ham keng zaxira o‘rindig‘iga ega va bu omil jamoalarga barcha turnirlarda g‘oliblik uchun kurashishga imkon beradi. Angliya ligasi kubogi Liam Roseniorga jamoadagi dastlabki oylaridayoq sovrindor bo‘lish uchun imkoniyat edi, Mikel Arteta esa bu mavsumda kvadruplga erishishni ko‘zlagan.

Yarimfinalning 14 yanvar kuni «Stemford Brij»da o‘tgan birinchi o‘yini gollarga boy bo‘lgandi – «kanonirlar» 49-daqiqaga kelib 2:0 hisobida olinga chiqib olgan, ammo mezbonlar futbolchi almashtirishlar evaziga o‘yinga intriga qaytargan, ammo «Arsenal» yakunda baribir 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi.

O‘tgan uch hafta ichida Arteta shogirdlari kichik inqirozni boshdan kechirgandi. Jamoa APLda qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozona olmadi, ammo o‘tgan hafta oxirida «Lids»ni yirik hisobda mag‘lub etib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni tiklab oldi. «Chelsi»da esa, aksincha, bu oraliq juda kuchli o‘tkazildi: barcha turnirlar doirasida qatorasiga besh g‘alaba. Chempionlar ligasida ham jamoaning ishlari joyida ketmoqda – jamoa so‘nggi turda Neapolda irodali g‘alabaga erishib, 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ldi.

«Arsenal» «Emireyts»dagi javob o‘yini arafasida Saka va Edegor kabi yetakchilaridan ayrildi. Shu fonda jamoalarning imkoniyatlari deyarli teng baholanayotgandi. 

Arteta o‘z ixtiyoridagi optimal tarkibni tushirdi. Rosenior esa uch markaziy himoyachidan iborat taktika tanladi, oldingi chiziqda faqat Delap va Joao Pedro juftligi harakat qildi (3-5-2).

Jamoalarning birinchi o‘yinida tezkor gol urilgan, Uayt 7-daqiqadayoq «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ammo javob uchrashuvining birinchi bo‘limi muxlislar uchun ancha zerikarli kechdi. Mezbonlar o‘yinning ko‘proq vaqtida to‘pga egalik qilishdi, ammo hisobdagi ustunlikdan kelib chiqqan holda to‘liq kuch bilan oldinga borishmadi. Mehmonlar murabbiyi tezkor qarshi hujumlarga tayanishni rejalashtirgandi, ammo «Arsenal» bunday vaziyatla yaratishga imkon bermadi.