Buyuk Britaniya va Fransiya yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama muloqotda ishtirok etishi kerak. Bunday fikrni juma kuni, 6 fevralda BMTning Jyenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzurida RFning doimiy vakili Gennadiy Gatilov bildirdi. U 19 yanvardan 27 martgacha Jyenevada o‘tayotgan Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyada so‘zga chiqdi.
«Agar yadroviy qurolni nazorat qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama muloqot haqida, ayniqsa yadroviy qurollarni ko‘p tomonlama qisqartirish haqida jiddiy gap ketsa, Rossiya uchun NATO bo‘yicha AQShning harbiy ittifoqchilari bo‘lgan Buyuk Britaniya va Fransiyani bunday hamkorlikka jalb qilish prinsipial ahamiyat kasb etadi», — dedi Gatilov.
Bu izoh Rossiya—AQSh o‘rtasidagi strategik hujumkor qurollarni yanada qisqartirish va cheklash choralari to‘g‘risidagi shartnoma (SHQ-3 yoki New START) amal qilish muddati tugaganidan keyin aytildi. U ikki davlatning yadroviy arsenallarini cheklab turgan so‘nggi kelishuv edi.
Kelishuv istiqbollariga Kreml ham izoh berdi. «Jumladan, bu haqda Abu-Dabida ham gap bo‘ldi: har ikki tomon mas’uliyatli pozitsiyani egallaydi va har ikki tomon bu mavzu bo‘yicha muzokaralarni imkoni boricha tezroq boshlash zarurligini anglamoqda», — dedi RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
AQSh prezidenti Donald Tramp 5 fevral kuni yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha yangi shartnoma ishlab chiqish tarafdori ekanini bildirdi. Oq uy rahbari bir necha bor yadroviy arsenallarni cheklashga qaratilgan yangi shartnomada Xitoy ham ishtirok etishini xohlashini aytgan.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio X ijtimoiy tarmog‘ida SHQ «boshqa davrda, boshqa vazifalar uchun ishlab chiqilgani» va «endi o‘z maqsadiga mos kelmay qolgani»ni ta’kidladi. «Biz barcha ehtimoliy yadroviy qudratlar uchun yuqori standartlarni belgilaymiz. Va biz har doim kuch pozitsiyasidan muzokara olib boramiz», — dedi AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari.
Rubioning qayd etishicha, Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy harbiy qudratining oshirilishi hisobga olinmagan qurollarni nazorat qilish kelishuvi, shubhasiz, AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligi darajasini pasaytiradi.
AQSh davlat kotibining qurollarni nazorat qilish va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Dinanno ham 5 fevral kuni Jyenevada Vashington Pekinni jalb qilishni istashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, 2026 yilda faqat bitta boshqa yadroviy davlat bilan ikki tomonlama shartnoma tuzish «oddiy qilib aytganda, maqsadga muvofiq emas».















