Jahon | 14:22
14469
3 daqiqa o‘qiladi

Alekseyevni otishda gumonlanayotgan shaxs Dubayda qo‘lga olindi

BAA hukumati ushbu rossiyalikni Moskvaga topshirgan. Rossiya tergovchilari esa yuqori martabali generalga suiqasdni Ukraina maxsus xizmatlari bilan bog‘lamoqda.

Grigoriy Sysoyev / Sputnik / RIA Novosti / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida RF qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi (sobiq bosh razvedka boshqarmasi, GRU) boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Vladimir Alekseyevga suiqasd uyushtirishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda «Interfaks» Rossiya federal xavfsizlik xizmatiga asoslanib xabar tarqatdi. 

Maxsus xizmatlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs – Rossiya fuqarosi, 66 yoshli Lyubomir Korbadir. FXX uni suiqasdning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrochisi deb atagan. BAA huquq-tartibot organlari uni Rossiyaga topshirgan. 

Bundan tashqari, Alekseyevga suiqasd ishi bo‘yicha Moskvada RF fuqarosi Viktor Vasin (1959 yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingan. Shuningdek, Zinaida Serebritskaya (1971 yilda tug‘ilgan) ushbu ishga aloqadorlikda gumonlanmoqda, FXXga ko‘ra, u Ukrainaga ketishga ulgurgan. Maxsus xizmatlar ushbu shaxslarni jinoyatchining sheriklari deb atagan.

Lyubomir Korba (suratda o‘ngda) mamlakatni tark etayotganida aeroportda olingan surat

Tergov qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Lyubomir Korba 1960 yilda Ternopil oblastida (hozirda Ukraina tarkibida) tug‘ilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlarining terakt amalga oshirish bo‘yicha topshirig‘i asosida 2025 yil dekabrida Moskvaga kelgan. Uning sherigi ekani aytilayotgan Viktor Vasinga nisbatan qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi va harbiy xizmatchining hayotiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

RF mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga nisbatan suiqasd 6 fevral tongida amalga oshirilgandi. General Moskvaning Volokolamskoye shossesidagi uyi oldida hujumga uchragan.

Vladimir Alekseyev (2023 yil iyunida Vagner xususiy harbiy kompaniyasiga qilingan videomurojaatdan skrinshot)
Yevgeniy Lisitsin / Telegram

«Kommersant» nashrining huquq-tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra, suiqasd ertalabki soat yettilar atrofida sodir etilgan. General kvartirasidan chiqqanida uni ko‘chada xizmat mashinasi kutayotgandi. Pod’yezd oldidagi maydonchada u «uyga ovqat yetkazib berish xizmati xodimi sifatida kirib olgan shaxs bilan to‘qnashgan». U generalning qo‘li va oyog‘idan yaralagan, Alekseyev uning to‘pponchasini olib qo‘yishga harakat qilganida, ko‘kragiga ham o‘q uzilgan.

Nashr manbalari «harbiy mulozimning faol qarshiligi killerga ishni oxiriga yetkazishga imkon bermagan». 

Shundan keyin Alekseyev oxir ahvolda shifoxonaga yotqizilgandi. 7 fevral kuni general jarrohlik amaliyotidan keyin o‘ziga kelgani xabar qilindi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Alekseyevga uyushtirilgan suiqasd «Zelenskiy rejimining muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan doimiy provokatsiyalarga intilishini tasdiqlashi» haqida gapirdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyevning suiqasdga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid