Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Babish: Yevropa Ukraina bo‘yicha Putin bilan muzokara olib borishi kerak
Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning fikricha, Fridrix Mers, Emmanuel Makron, Kir Starmer, Jorja Meloni va boshqa yevropalik yetakchilar Ukraina bo‘yicha Vladimir Putin bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi kerak. Biroq u: “Trampsiz Yevropa uddalay olmaydi”, - deb hisoblaydi.
Foto: Eva Korinkova/REUTERS
Yevropa yetakchilari Ukrainadagi urushni yakunlash shartlari bo‘yicha muzokaralarda AQSh prezidenti Donald Tramp va RF prezidenti Vladimir Putin bilan birga ishtirok etishi kerak. Bunday fikrni Chexiya bosh vaziri Andrey Babish shanba kuni, 7 fevralda Chexiyaning TN telekanalidagi “O‘n ikkiga besh daqiqa qolganda” dasturida bildirdi.
Babish bunday muzokaralarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan shaxslar sifatida Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Italiya hukumati rahbari Jorja Meloni nomlarini alohida tilga oldi. “Endi yevropalik yetakchilar Yevropaga Putin bilan ham muzokara olib borish kerak, deb gapira boshladi. Ammo oldinroq, (Vengriya bosh vaziri — tahr.) Viktor Orban Zelenskiy va Putin bilan uchrashganida, bularning hammasini qoralashgan edi”, — deya eslatdi Andrey Babish.
Shu bilan birga, u AQSh prezidenti Donald Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik kelishuvini tuzishga qaratilgan muzokara jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynayotganini ta’kidladi: “Trampsiz Yevropa uddalay olmaydi”.
Shu bilan birga, AQShning NATO a’zolari mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha yetkazish talabi haqida gapirar ekan, Andrey Babish bunga qarshi ekanini bildirdi. “Tramp kimgadir baqirib yuborsa, biz esa jim qolib: ‘Ha, biz oshiraylik’, deb aytish mumkin emas. Men NATO yig‘ilishiga borgan bo‘lardim va buni tushuntirishda menda muammo bo‘lmas edi”, — deb keltiradi TN telekanali hukumat rahbarining so‘zlarini o‘z saytida.
Bundan tashqari, Babish efirda mudofaa sohasidagi xarajatlar bo‘yicha audit o‘tkazishni hamda harbiylarga, xususan uchuvchilarga maoshni oshirishni rejalashtirayotganini aytdi. Shuningdek, u armiya sonini ko‘paytirish va uning jihozlanishini yaxshilash tarafdori ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
15:07
Ukrainada Rossiya Starlink’dan uzishni qanday chetlab o‘tayotgani aytildi
12:36
Rossiya kechasi Ukrainaga 100 tadan ortiq dron bilan hujum qildi
11:55
Rossiya bir haftada Ukrainaga 2000 ta dron va 116 ta raketa uchirdi
15:16 / 08.02.2026