Jahon | 15:07 / 09.02.2026
4562
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Rossiya Starlink’dan uzishni qanday chetlab o‘tayotgani aytildi

Ukraina Mudofaa vazirligi maslahatchisi Sergey Beskrestnovning aytishicha, Starlink’dan uzilganidan keyin ham Rossiya armiyasi dronlarni Mesh-tarmoqlar orqali onlayn boshqaryapti. Uning fikricha, bunday tarmoqlarga qarshi kurashni bir necha oy oldinroq boshlash kerak edi.

Foto: Pavlo Pakhomenko/NurPhoto

Rossiya armiyasi Starlink’dan foydalanishga cheklovlar joriy etilganiga qaramay, parvoz paytida dronlarni Mesh-tarmoqlar — o‘zaro o‘rnatilgan modemlar orqali bir-biri bilan muvofiqlashib ishlaydigan dronlar tarmog‘i yordamida hali ham onlayn boshqarishi mumkin. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnov ukrainaning Radio NV radiosiga bergan intervyusida aytdi, intervyu parchalari yakshanba kuni, 8 fevralda e’lon qilindi.

Mesh-tarmoqda dronlar o‘rtasidagi aloqa shunga asoslanadiki, har bir modem bir vaqtning o‘zida ham boshqaga signal uzata oladi, ham qabul qila oladi. Natijada havoda dronlardan iborat zanjir hosil bo‘ladi, hatto zanjir bo‘g‘inlaridan biri ishdan chiqsa ham, u saqlanib qoladi. Shu kabi zanjir orqali dronni onlayn boshqarish hujumni GPS orqali boshqarishga qaraganda aniqroq qiladi.

“Biz hozir rossiyaliklar qanday hujum qilayotganini ko‘ryapmiz — bu boshqa narsa: dronlarni radiomodemlar orqali boshqarish, Mesh-tarmoqlar, oddiy qilib aytganda — Rossiyaning o‘zida turib. Ya’ni bu biz uchun, shaxsan men uchun — chaqiriq. Va biz bu masalani ham yopamiz. Bunga ancha oldin — yana bir necha oy oldin kirishish kerak edi”, — dedi Beskrestnov. Maslahatchi Mesh-tarmoqlar qanday tarzda bloklanishini aytmadi. Biroq u hozir harbiylar “lokomotivlar, podstansiyalar (elektr uzatish/taqsimlash stansiyalari)ni Mesh-tarmoqli dronlardan himoya qilish” ustida ishlayotganini qayd etdi.

Fevral oyi boshida Starlink’ni ishlab chiquvchi SpaceX Ukraina tomonining iltimosiga ko‘ra Rossiya armiyasining sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishini cheklash uchun choralar ko‘rgan. Endi kompaniya ishlab chiqargan terminallar 75–90 km/soat tezlikda ishlashdan to‘xtaydi. Shu sababli bunday terminalni uzoq masofaga uchuvchi dronga o‘rnatish kamroq samarali bo‘ladi.

“Starlink’ning Rossiya tomonidan ruxsatsiz ishlatilishini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rgan qadamlarimiz o‘z samarasini berdi. Qo‘shimcha choralar kerak bo‘lsa, bizga xabar bering”, — deb izohladi SpaceX asoschisi Ilon Mask yangiliklarni.

Bundan tashqari, Ukrainada mahalliy kompaniyalar, jismoniy shaxslar yoki harbiylar ishlatayotgan terminallar uchun “oq ro‘yxatlar” (white liss) joriy etildi. Hokimiyat mamlakatda “faqat tekshirilgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan” qurilmalar ishlashini istamoqda. Mudofaa vaziri Mixail Fedorovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina frontida Rossiya qo‘shinlari foydalanayotgan terminallar allaqachon deaktivatsiya qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid