Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyaning “yashirin floti”ga aloqador tankerni qo‘lga oldi
Amerikalik harbiylar g‘arb va Ukraina manbalari Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatayotgan “yashirin floti” tarkibiga kiritadigan tankerni qo‘lga oldi. Bu - 2025 yil dekabridan beri tanker ushlangan yettinchi holat.
Amerikaning qurolli kuchlari 9 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi Aquila II neft tankerini to‘xtatib, qo‘lga oldi. G‘arb va ukrain manbalari xabarlariga ko‘ra, u xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun qo‘llanadigan RFning “yashirin floti”ning bir qismi hisoblanadi. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Donald Tramp ma’muriyati davrida mazkur idora “Urush vazirligi” deb atalgan.
Xabarda aytilishicha, 2026 yil 9 fevral kuni Aquila II tankeri prezident Tramp o‘rnatgan sanksiya rejimiga zid ravishda harakat qilgan. AQSh “Urush vazirligi” kemaning qochishga uringanini, ammo u kuzatuv ostiga olinib, aniqlanganini bildirgan.
Idora X tarmog‘idagi bayonotida shunday deyiladi: “Urush vazirligi bu kemani Karib dengizidan Hind okeanigacha kuzatdi va ta’qib qildi. Yer sayyorasida hech bir boshqa davlat har qanday sharoitda o‘z aytganini o‘tkazish qobiliyatiga ega emas. Quruqlikda, havoda yoki dengizda — Qurolli kuchlarimiz sizni topadi va adolatni tiklaydi. Siz bizdan qochishga ulgurmasingizdan oldin, yonilg‘ingiz tugaydi. Urush vazirligi noqonuniy aktorlar va ularning vositachilarini global dengiz hududlarida Amerika qudratiga qarshi chiqish imkoniyatidan mahrum qiladi”.
Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi yuritadigan War & Sanctions portaliga ko‘ra, Aquila II (IMO 9281152) sanksiyalarni aylanib o‘tib neft tashishda ishtirok etgani sababli AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Shveytsariya va Ukraina sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan.
Kema AQSh 2025 yil yanvarda Rossiya energetika sektoridagi faoliyati uchun sanksiya joriy etgan Sunne Co Limited kompaniyasi bilan bog‘liq. Aytilishicha, tanker ham Rossiya, ham Venesuela neftini tashiydi, ba’zan transponderni o‘chirish va joylashuvini yashirishning boshqa usullaridan foydalanadi — bu “yashirin floti” kemalariga xos holat.
Kema Rossiya va Venesuela portlaridan yuk tashiydi, jumladan Xitoy va boshqa mintaqalarga ham. U sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarining faol elementi deb hisoblanadi. Biroq ochiq ma’lumotlar bazalarida uning ro‘yxatdan o‘tishi va qaysi bayroq ostida yurishi masalasi bahsli bo‘lib qolmoqda.
2025 yil dekabridan beri bu — Venesulaga qarshi joriy etilgan “karantin”ni buzishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushlangan yettinchi kema.
Bundan avval, 15 yanvar kuni AQSh tekshiruvdan qochishga uringan Veronica tankerini to‘xtatgan — u nomi o‘zgartirib, Rossiya bayrog‘ini ko‘targani aytilgan. Reuters agentligi qayd etganidek, ushlangan kemalarning barchasi yo sanksiya cheklovlariga tushgan, yoki Rossiya, Eron yo Venesuela neftining kelib chiqishini yashirishga mo‘ljallangan “yashirin floti”ga mansub deb qaraladi.
The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning “yashirin tankerlar”ni faol tarzda ushlash qarori Donald Trampning Ukrainadagi urush davom etayotgani sabab Vladimir Putindan tobora ko‘proq norozi bo‘layotgani bilan bog‘liq.
Mavzuga oid
22:39 / 19.06.2026
Tushunarsiz kelishuv: Tehron uni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilmoqda
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
21:38 / 19.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida Shveytsariyadagi muzokaralar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
20:51 / 19.06.2026