Qarorda loyihaviy boshqaruv natijasida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Jumladan, 2030 yilga kelib:

aeroportda amalga oshirilayotgan parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtaga yetkazilishi;
yo‘lovchi tashish hajmi yiliga 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa 45 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorga muvofiq, “Navoiy xalqaro aeroporti” MChJ Uzbekistan Airports AJning markazlashgan operativ boshqarish tizimidan ajratilgan holda uning faoliyatiga loyihaviy boshqaruv tamoyillari joriy etiladi.

Qaror bilan “Navoiy xalqaro aeroporti” MChJ ijro etuvchi organiga ayrim masalalarni mustaqil ravishda amalga oshirish huquqi ham berilgan. Xususan:

o‘z daromadlari hisobidan aviatsiya xizmatlari eksportini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha xizmatlar turlarini kengaytirish;
havo kemalariga aviayonilg‘i quyish hamda xorijiy aviatashuvchilar olib kelgan aviayonilg‘ini saqlash bo‘yicha jahon aviatsiya bozori kon’yunkturasiga mos tariflarni belgilash.