Jahon | 10:44 / 11.02.2026
2533
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston RFning Navalniy shtabida ishlagan ayol ekstraditsiyasi haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi

“Urushga qarshi qo‘mita” xabar berishicha, Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mobil telefon o‘g‘irligi ishi sabab Yemelyanovani Rossiyaga ekstraditsiya qilishga rozi bo‘lgan. Ilgari u Sankt-Peterburgda Navalniy shtabida ko‘ngilli bo‘lib ishlagan.

Yuliya Yemelyanova Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qozog‘iston Rossiyaning Yuliya Yemelyanovani ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi. Rossiyada unga nisbatan taksichidan telefon o‘g‘irlagani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda unga huquqiy yordam ko‘rsatayotgan "Urushga qarshi qo‘mita" seshanba kuni, 10 fevralda xabar berdi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasining tegishli qarori Yemelyanovaga 29 yanvar kuni topshirilgan. Tashkilot ma’lum qilishicha, huquq himoyachilari va advokatlar bu qaror haqida faqat tergov hibsxonasiga tashrifdan keyin xabardor bo‘lgan.

Ayolning himoyasi ekstraditsiya haqidagi qarorga sudda shikoyat qilishni rejalashtirmoqda, chunki mamlakat hokimiyati hali ham Yemelyanovaga siyosiy boshpana berish haqidagi uning arizasini ko‘rib chiqmoqda. “Urushga qarshi qo‘mita”ning ta’kidlashicha, oldinroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasi siyosiy boshpana masalasida qaror chiqmaguncha ekstraditsiya mavzusini keyinga qoldirishini kafolatlagan.

Yuliya Yemelyanova 2025 yil kuzida Olmaota aeroportida ushlangan. Rossiya hokimiyati uni “mulkiy jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgan” shaxs sifatida davlatlararo qidiruvga bergan. DW’ga ayolning advokati Murat Adam aytishicha, Yemelyanova 12 ming rubl turadigan mobil telefonni o‘g‘irlash moddasi bo‘yicha ta’qib qilinmoqda — u go‘yoki bu telefonni 2021 yilda taksichidan o‘g‘irlagan.

“Urushga qarshi qo‘mita” Yemelyanovaga nisbatan ish siyosiy sabablar bilan qo‘zg‘atilgan deb hisoblaydi: u ilgari Sankt-Peterburgda Aleksey Navalniy shtabida ko‘ngilli bo‘lgan. U 2022 yil yozida, unga nisbatan o‘g‘irlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi Sankt-Peterburgning Kalinin tumani sudiga kelib tushganidan keyin, mamlakatni tark etgan.

2026 yil boshidan buyon Qozog‘iston Rossiyaga chechen faoli Mansur Movlayev va dezertir Semyon Bajukovni ekstraditsiya qilishga rozi bo‘ldi, shuningdek ayti-mutaxassis Aleksandr Kachkurkinni deportatsiya qildi. Kachkurkin Moskvaga qo‘nishi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan “davlatga xiyonat” bo‘yicha jinoyat ishi doirasida ushlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid