Milliy gvardiya Xarid qilish boshqarmasi zotdor otlari bo‘yicha tender e’lon qildi. 21 iyulgacha davom etadigan tenderda Milliy gvardiya qoshidagi Ot sporti oliy maktabi uchun 10 bosh tulpor xarid qilinadi.

Tenderda 10 bosh ot uchun jami 23 mlrd 305 mln so‘m – otlarning har biri uchun 2 mlrd 331 mln so‘mdan boshlang‘ich narx belgilangan. Xarid nobudjet mablag‘laridan moliyalashtirilishi qayd etilgan.

Jonivorlar Yevropaning issiqqon, zotdor, sport otlaridan bo‘lishi, Xalqaro ot sporti federatsiyasi talablariga javob berishi va FEI pasportiga ega bo‘lishi kerak.

10 ta otdan 3 tasi to‘siqlardan sakrash, 3 tasi ot yo‘rttirish, 4 tasi uchkurash turlariga o‘rgatilgan bo‘lishi talab etiladi.

Ma’lumot uchun, ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga 1930 yillarda asos solingan. Maktab 2018 yil 27 aprelda Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tkazilgan. Muassasaga 10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi.