Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan uning mamlakati yadroviy poygaga qo‘shilishi mumkinligini istisno qilmadi. Turkiyadek ulkan ambitsiyalarga ega davlatning bu bayonoti nimani anglatadi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar bu mavzuda atroflicha fikr yuritdi.

Dastur mehmonlari – siyosiy tahlilchilar Hikmatulla Kazakbayev, Islomxon Gafarov va Kamoliddin Rabbimov bo‘lishdi.

Hikmatilla Kazakbayev: Turkiyaning yadro quroliga ega bo‘lish masalasi birinchi navbatda Isroil tomonidan qarshilikka uchraydi. Mintaqadagi istalgan boshqa davlatning yadro quroliga intilishi ham shunday. Bu Eron bo‘ladimi, bir paytlar Iroqmi... Hatto Misrda ham 2000-yillar boshida, Husni Muborak davrida yadro quroli masalasi muhokama qilingan, lekin Isroil tufayli Misr bu g‘oyadan umuman voz kechgan.

Turkiyada ham yadroviy qurolning paydo bo‘lishiga Isroil yo‘l qo‘ymaydi. Chunki bu Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida qaraladi.

Umuman, Yaqin Sharqda Turkiya uchta raqib davlatning orasida qolib ketgan, bular – Gretsiya, Kipr va Isroil. Bu uch davlat o‘rtasida strategik hamkorlik bor, ular Sharqiy O‘rta yer dengizi sammitlarini o‘tkazishadi. Bu sammitlardan o‘ninchisi 2025 yil dekabrda o‘tkazildi. Mana shu uchta davlat aynan Turkiyaga qarshi. Gretsiyani bilasiz, orollar masalasida Turkiya bilan hududiy muammolari bor. Kiprda Shimoliy Kipr masalasi bor.

Turkiyada AESlar ishga tushishi kerak, birinchisi – Akkuyu. Rossiya bilan hamkorlikda, 2018 yildan beri qurilyapti. 2024 yilda ishga tushishi kerak edi, lekin sanksiyalar sabab muddat kechikdi. Adashmasam, oxirgi uskunalarni Siemens kompaniyasi o‘rnatishi kerak edi, lekin sanksiyalar tufayli bu ishni qila olmadi. Keyinchalik Rossiya Siemens'ning o‘rniga, Xitoydan kerakli jihozlarni sotib oldi va AESning birinchi blokini ishga tushirish 2025 yilga ko‘chdi. Lekin 2025 yilda ham bu narsa amalga oshmadi. Hozir kutilayotgani – 2026 yil oxirigacha Akkuyu AES ishga tushishi kerak. AESga ega bo‘lgandan keyin, o‘z-o‘zidan, yadroviy qurol yaratish g‘oyasi ham paydo bo‘ladi-da.

Yana bitta masala bor: sentabr oyida Turkiyaning sanoat va texnologiya vaziri Mehmet Fotih Kacir “biz o‘zimizning milliy yadroviy reaktorlarni yaratish loyihasini ishga tushirdik”. Ya’ni 2025 yilda Turkiya o‘zining milliy reaktorlarini yaratish loyihasini ishga tushirib bo‘ldi.

Endi, agar Eronda yadro quroli paydo bo‘ladigan bo‘lsa... Isroilda o‘zi shundoq ham bor, adashmasam 90 ta yadroviy kallaklari bor deyishadi (Isroil hech qachon tan olmaydi). Eronning yadro quroliga intilishi Isroil va AQSh bilan o‘rtasida qanchalik katta to‘qnashuvni keltirib chiqargan bo‘lsa, Turkiyaning yadro quroliga intilishiga ham shunchalik katta to‘sqinlik bo‘ladi.