Jahon | 09:41
1019
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh senatori Grem Trampni Ukrainaga “Tomagavk”ni berishga chaqirdi

Tomahawk qanotli raketalari harbiy kuchlar nisbatini o‘zgartirish uchun Ukrainaga zarur, dedi respublikachilar partiyasidan Lindsi Grem.

Foto: REUTERS

AQShning respublikachi senatori Lindsi Grem AQSh ma’muriyatini Ukrainaga Tomahawk turidagi, uchish masofasi 2500 kilometrgacha bo‘lgan qanotli raketalarni — Rossiyaning harbiy obektlariga zarbalar berish uchun topshirishga chaqirdi.

“Men Ukrainaga ‘Tomagavk’ yetkazib berilishini istayman. AQSh ‘Tomagavk’ni (Rossiya prezidenti — tahr.) Putin dronlar va boshqa narsalarni yaratishda tayanayotgan infratuzilmani yo‘q qilish uchun yetkazib berishini xohlayman. Men harbiy kuchlar nisbatini o‘zgartirishni istayman”, — dedi Grem juma kuni, 13 fevralda Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida jurnalistlarga.

U, shuningdek, Moskvani mazmunli tinchlik muzokaralariga undash uchun unga bosimni kuchaytirishga chaqirdi. Yanvar oyida Lindsi Grem AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning neft, gaz, uran va boshqa xomashyosini sotib olayotgan davlatlarga nisbatan 500 foizgacha boj joriy etish imkonini beradigan ikki partiyali qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagani (“yashil chiroq” yoqqani) haqida bildirgan. Bu, xususan, Xitoy, Hindiston va Braziliyaga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.

Ukrainaga Tomahawk raketalarini berish masalasi AQShda 2025 yil kuzida muhokama qilina boshlagan. Oktyabr oxirida Pentagon, CNN telekanali xabar qilganidek, bunday yetkazib berishlarni ma’qullagan, ammo yakuniy qaror Tramp ixtiyorida qolmoqda. CNN manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti bu chorani Rossiyaga nisbatan bosim dastagi sifatida ko‘rib chiqmoqda.

O‘tgan yil noyabr oyida Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Olga Stefanishina Bloomberg TV telekanaliga bergan intervyusida mamlakati Tomahawk raketalarini sotib olish bo‘yicha “ijobiy” muzokaralar olib borayotganini aytgan. Bungacha esa Tramp bu raketalarni Kiyevga yuborishni istisno qilgan edi.

Stefanishina so‘zlariga ko‘ra, gap faqat Tomahawk haqida emas, balki “turli boshqa raketalar — uzoq va qisqa masofali” raketa turlari haqida ham ketmoqda. “Men faqat shuni ayta olamanki, muzokaralar yetarlicha ijobiy ketmoqda”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid