“Bu xabarni eshitganimdan xafa bo‘ldim. Mening nazarimda, janob Medinskiy — jiddiy muzokarachi emas. U avval ham muzokarachi bo‘lgan va hech qanday natijaga erishmagan. Uning qaytishi menga Putin bu muzokaralarga jiddiy qaramayapti, degan fikrni beradi”, — dedi diplomat Myunxen xavfsizlik konferensiyasida DW muxbiriga.
Avvalroq yangi uch tomonlama muzokaralar 17–18 fevral kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tishi ma’lum bo‘lgan edi.
Makfol AQSh Rossiya va Ukrainani iyungacha tinchlik kelishuviga majburlash uchun ularga bosim o‘tkazmoqchi ekani haqidagi ma’lumotlarga ham tanqidiy munosabat bildirdi. Bu haqda bir necha kun oldin Volodimir Zelenskiy aytgan edi.
“Ukrainaga bosim o‘tkazish — AQShning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan oqilona emas. Nega biz doim Ukrainaga bosim qilamiz-u, hech qachon Putinga emas? AQSh Rossiyaga ko‘proq bosim o‘tkazishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi diplomat. U, shuningdek, “Ukrainaga ko‘proq qurol va Rossiyaga qarshi ko‘proq sanksiyalar” joriy etishga chaqirdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mersning Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqi haqida Makfol shunday dedi: “Bu Moskvaga muhim xabar. Chunki kuchliroq Yevropa Ukraina uchun ustunlik bo‘ladi. Mers aniq qilib aytdiki, uzoq muddatda birlashgan Yevropa — Putin Rossiyasiga qaraganda ancha qudratli va boy”.
“Bu juda muhim xabar edi. Yevropa — aytgancha, Ukraina bilan hamkorlikda ancha katta harbiy qudratga ega bo‘lishi mumkin, ammo hozircha bu darajaga yetmagan. Va mening nazarimda, kansler juda kuchli ishorani berdi: agar Yevropa birlashgan bo‘lsa, u Rossiyadan ancha qudratli bo‘lishi mumkin edi. Ammo faqat u haqiqatan ham birdam bo‘lsa va mamlakatlar mudofaa uchun ko‘proq resurs ajratsa”, — deya xulosa qildi Makfol.











