Jahon | 09:29
1103
3 daqiqa o‘qiladi

Bryansk viloyatining bir qismi dron zarbalaridan keyin elektrsiz qoldi

Bryansk viloyatida beshta munitsipal tuzilma va Bryansk shahrining bir qismi Ukraina Qurolli kuchlari hujumlari sabab issiqlik va elektr ta’minotidan mahrum bo‘ldi, deb xabar qildi gubernator Aleksandr Bogomaz. Hozir avariyaviy quvvatlarni ulash ishlari olib borilmoqda.

Foto: REUTERS

Ukrainaning Bryansk viloyatidagi energetika infratuzilmasi obektlariga bergan zarbalari natijasida hududdagi beshta munitsipal tuzilmada va Bryansk shahrining ayrim qismlarida issiqlik hamda elektr ta’minoti to‘xtagan. Bu haqda Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz 15 fevral, yakshanba kuni kechqurun Telegram’da ma’lum qildi.

“Barcha avariya brigadalari o‘z joyida. Zaxira quvvatlar ulanmoqda. Issiqlik va elektr ta’minoti obektlarini ulash ishlari olib borilyapti”, — deyiladi uning postida.

Avvalroq Bogomaz mintaqaga ukrain dronlarining ommaviy hujumi 12 soatdan ortiq davom etganini yozgan edi. Uning aytishicha, hujum qaytarilishi davomida HHM kuchlari Bryansk viloyati osmonida 170 tadan ortiq dronni yo‘q qilgan.

Rossiyaning Shot nomli Telegram-kanali 15 fevral kuni Bryanskda va qo‘shni shaharlarda “o‘nlab portlashlar yangragani”ni xabar qilmoqda. Kanalning o‘sha kechqurun chiqqan boshqa postida esa 15 fevral kuni Tula va Aleksin shahri ustida ham ketma-ket portlashlar bo‘lgani aytiladi. Mualliflar buni havo hujumi vaqtida HHM vositalari ishlagani bilan bog‘laydi.

Shuningdek, Ryazan ustida va Belgorod viloyatida ham portlashlar bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda.

So‘nggi haftalarda qattiq sovuqlar fonida Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasi obektlariga zarbalar bermoqda. Shu sabab ayrim shaharlarda, xususan Kiyevda, vaziyat og‘ir tus olgan. 15 fevral holatiga ko‘ra, u yerda 500 ta uy issiqliksiz qolmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlari esa RFning chegaraga yaqin hududlariga javob zarbalarini yo‘llamoqda. Belgorod viloyatida issiqlik va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tufayli hokimiyatlar maktab o‘quvchilari ota-onalariga bolalarini RFning boshqa hududlariga yoki qo‘shib olingan Qrimga evakuatsiya qilishni taklif etgan. Shu kabi imkoniyat ko‘p bolali oilalarga, nogiron farzandli oilalarga va yolg‘iz yashayotgan pensionerlarga ham taqdim etilishi aytilgan. Biroq keyin mahalliy gubernator mintaqa “chegarasidan chiqib ketish bo‘yicha qarorlar”ga ehtiyoj yo‘qligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid