Ukrainadagi manbalar mamlakat qurolli kuchlari Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlari tutashgan nuqtada, shuningdek, Zaporijjya shahridan janubda qarshi hujumga o‘tgani haqida xabar bermoqda.

«Ukraina qurolli kuchlarining Janubiy operatsiya zonasidagi bir qator uchastkalarda dushmanning oldingi pozitsiyalariga qarshi hujum uyushtirildi, muayyan natijalarga erishilgan», – deya yozgan ukrainalik harbiy ekspert Konstantin Mashovets.

Oldinroq rossiyalik blogerlar ham Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya yo‘nalishidagi qator uchastkalarda ilgarilagani haqida xabar bergan, Ukrainadagi manbalar esa yoki sukut saqlagan yoki buni rossiyaliklarning dezinformatsiyasi deb atagandi.

«Sharqiy Zaporijjya yo‘nalishida raqibning bir necha alohida shturm polklaridan iborat guruhning hujumlari davom etmoqda, Gaychur daryosi bo‘ylab og‘ir janglar ketmoqda, Gulyaypoledan g‘arbdagi hududlarda to‘qnashuvlar qayd etilgan», – deb xabar bergandi 9 fevral kuni RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali.

«Ayrim uchastkalarda dushman RF qurolli kuchlari nazorat zonasiga nisbatan chuqur kirib borishga muvaffaq bo‘lganiga qaramay, hozircha muhim muammolar haqida gap ketmayapti. Qiyinchiliklar asosan Starlink terminallari ishidagi muammolar va parvozga imkon bermaydigan ob-havo bilan bog‘liq», – deya qayd etgan Rybar.

«Arxangel spetsnaza» telegram-kanali ham raqib Gulyaypole atrofida tanklar va zirhli mashinalarni qo‘llagan holda jiddiy yurish boshlagani, ular Rossiya mudofaasiga chuqur kirib kelgani va shiddatli janglar ketayotgani haqida yozgan.

«Ular hozircha sekin odimlamoqda, ikki tomonning ham asosiy muammosi – aloqa tufayli, aniroq aytganda „Starlink“ tizimi butun front bo‘ylab o‘chirilgani bilan bog‘liq, hammayoqda faqat stansiyalar orqali ishlashga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa koordinatsiyani qiyinlashtiradi. Aftidan, navbatdagi hujum Berezovoyga bo‘ladi – u yerda yaxshigina kuch jamlangan, uning ortidan Novonikolayivkaga bosim uyushtirishlari tayin», – deya taxmin qiladi z-bloger.

Shu bilan birga, Rossiya hududida Telegram messenjeri bloklanishi ham harbiy aloqa tizimiga ta’sir qilgani qayd etilmoqda. Starlink cheklovlari bilan birgalikda bu holat frontdagi boshqaruv jarayonlarini murakkablashtirgan.

Hozircha Ukraina tomoni ham, Rossiya tomoni ham Zaporijjya oblastidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermayapti.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy chorshanba kuni kechqurun desant-shturm qo‘shinlari va shturmchi polklar kompandirlari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazib, Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlaridagi operativ vaziyatni muhokama qilganini aytdi.