Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Associated Press nashriga intervyu berib, unda prezident Volodimir Zelenskiy bilan o‘rtasida ro‘y bergan kelishmovchilik haqida aytib berdi. Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, u va Zelenskiy o‘rtasidagi dastlabki bahslar Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan kunlardayoq yuzaga kelgan. 2022 yil kuzida Ukraina xavfsizlik xizmatining o‘nlab xodimlari tintuv o‘tkazish uchun Zalujniyning kabinetiga kelganida esa bu ziddiyat kritik nuqtaga yetgan.
Zalujniy bu 2022 yil sentabrida, Ukraina qurolli kuchlari Mamlakat shimoli-sharqida qarshi hujum uyushtirgan vaqtda sodir bo‘lganini aytadi. O‘shanda uning Kiyevdagi kabinetiga Ukraina xavfsizlik xizmatining o‘nlab agentlari kirib kelgan, bu vaqtda uning oldida britaniyalik zobitlar ham bo‘lgan. UXX xodimlari aynan nimani izlashayotganini izohlamagan, ammo Zalujniy ularga hujjatlar va kompyuterlarni tekshirishga ruxsat bermagan. Sobiq bosh qo‘mondonning fikricha, bu tintuv qo‘rqitishga qaratilgan harakat edi.
Zalujniy UXX xodimlari oldida turib Zelenskiy ofisining o‘sha vaqtdagi rahbari Andrey Yermakka qo‘ng‘iroq qilgan va «bu hujumni qaytarishi, chunki qanday jang qilishni bilishi»ni aytadi. Zalujniy shuningdek buning uchun harbiylarni jalb etishga tayyorligini bildirgan.
Bundan tashqari, u UXXning o‘sha vaqtdagi rahbari Vasiliy Malyukka ham qo‘ng‘iroq qilgan. Malyuk esa bundan xabari yo‘qligini bildirgan. Keyinroq Zalujniy UXX bundan ikki kun oldin Kiyev sudidan ofis joylashgan manzil bo‘yicha tintuv o‘tkazish uchun order so‘raganini aniqlaydi. Orderda bu manzilda jinoiy guruh tomonidan boshqariladigan striptiz-klub joylashgani va tintuv shu klubda o‘tkazilishi ko‘rsatilgandi. Lekin bu muassasa Rossiya bosqini boshlanishidan oldinroq yopilib ketgandi, deya qayd etadi AP. Zalujniyning fikricha, UXXdagilar buni bilmasligi mumkin emasdi.
Zelenskiyning ofisi va UXX izoh berishdan bosh tortdi.
AP uchun bergan intervyusida Zalujniy NATOdagi hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va 2023 yil yozida o‘tkazilgan qarshi hujum rejasi Zelenskiy va boshqa rasmiylar zarur resurslarni ajratmagani tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida ham aytib bergan.
Sobiq bosh qo‘mondonning ma’lum qilishicha, dastlabki reja Zaporijjya oblastini ozod qilish uchun yetarli kuchlarni «yagona mushtda» to‘plash, keyin esa Azov dengiziga chiqishni nazarda tutardi. Bu Rossiyaning anneksiya qilingan Qrimga ta’minot yetkazish yo‘lini kesib qo‘yish imkonini berardi. Zalujniyning fikriga ko‘ra, buning uchun keng ko‘lamli, konsentratsiyalashgan kuchlarni to‘plash hamda kutilmaganlik omilidan foydalanish kerak bo‘lardi.
















