Yangi tartibga ko‘ra, BMTning vaqtinchalik choralar bo‘yicha murojaati Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgandan so‘ng 1 kun muddatda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Adliya vazirligiga yuboriladi.

Milliy markaz 1 kun ichida mas’ul davlat organlariga so‘rovnoma yo‘llab, vaqtinchalik choralarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish hamda zarurat tug‘ilganda asoslangan tushuntirish taqdim etishni so‘raydi.

Davlat organlari esa 3 kun muddatda amalga oshirilgan yoki amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirishni Milliy markazga taqdim etadi.

Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida Milliy markaz ishchi guruh bilan birgalikda 3 kun muddatda Hukumatning rasmiy nuqtai nazarini shakllantirib, Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

Hukumatning rasmiy pozitsiyasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2 kun ichida BMTning tegishli shartnomaviy qo‘mitalariga yo‘llanadi.