Sport | 11:03
6388
16 daqiqa o‘qiladi

«Real»da mag‘lubiyat, «Siti»da qiyin g‘alaba. Kun o‘yinlari

Pamplonadagi sensatsiyadan keyin «Barselona» birinchi o‘ringa qaytishi mumkin, g‘alabali seriya qayd etayotgan «Siti» «Arsenal» bilan oradagi farqni qisqartirdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Siti» «Arsenal»ga yaqinlashdi

«Chelsi» – «Byornli» 1:1
Gollar:
Joao Pedro, 4 (1:0). Flemming, 90+3 (1:1)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Gyusto (Xato, 80), Jyeyms (Achimpong, 89), Santos, Kaysedo, Fernandes, Pedru Netu (Sarr, 88), Palmer (Adarabioyo, 75), Joao Pedro (Delap, 80)
«Byornli»: Dubravka, Uorrall, Estev, Loran (Brun Larsen, 78), Ugochukvu (Uord-Prouz, 57), Mejbri, Hamfris (Chauna, 83), Uoker (Lukas Pires, 46), Edvards, Flemming, Entoni (Barns, 84)
Ogohlantirishlar: Fofana, 34. Sanches, 90. Xato, 90 – Mejbri, 30. Loran, 90
Chetlatish: Fofana, 72 (ikkinchi sariq)

«Chelsi» autsayderga qarshi o‘yinda oson g‘alabaga erishishi kutilgandi, ammo jamoa o‘z odatiga ko‘ra yo‘q joydan o‘ziga muammo tug‘dirdi. Joao Pedroning o‘yin startidagi tezkor goli g‘alaba uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Fofana ikkinchi sariq kartochkasini olib, barchasini barbod qildi.

Son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib qolganidan keyin «Byornli» oldinga o‘ta boshladi. Hujumlar borgan sari xavfli tus oldi va o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Flemmingning bosh bilan yo‘llagan zarbasi Sanchesni ojiz qoldirdi. Londonliklar APLda hisobda oldinda borgan o‘yinlarida yo‘qotilgan ochkolar soni bo‘yicha yaqqol yetakchi  (17). «Chelsi» bu borada hozirgidan yomonroq ko‘rsatkichni 1995/96 yillar mavsumida qayd etgan (20 ochko).

«Aston Villa» – «Lids» 1:1
Gollar:
Shtah, 31 (0:1). Abraham, 88 (1:1)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Mings, Matsen, Kesh (Garsiya, 87), Duglas Luis (Bogard, 87), Onana (Barkli, 61), Rodjyers, Buendiya (Abraham, 75), Beyli (Sancho, 61), Uotkins
«Lids»: Darlou, Ampadu, Streyk, Rodon, Gudmundsson (Biyol, 46), Jastin, Shtah (Longstaff, 83), Gruyev, Aaronson (Nmecha, 73), Bogl, Kalvert-Lyuin
Ogohlantirishlar: Buendiya, 73 – Biyol, 62. Darlou, 69. Bogl, 79. Gruyev, 90

«Aston Villa» fevral oyida qatorasiga uchinchi uy o‘yinida yutqazishiga sal qoldi (Angliya Kubogi o‘yini ham qo‘shib hisoblanganda). Qatorasiga ikkinchi bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan Abrahamning goli bo‘lmaganida Emiliano Martinesning maqtanchoqligi jamoaga hozirgidan ancha qimmatroqqa tushgan bo‘lardi. Argentinalik darvozabon raqib jarima zarbasi ijro etayotganida jonli devor o‘rnatmadi va Shtahning yaqin burchagiga yo‘llangan zarbasini o‘tkazib yubordi. Unai Emeri jamoasi shuncha yo‘qotishlarga qaramay, hamon uchinchi o‘rinda va eng yaqin ta’qibchisi «Chelsi» bilan olti ochkolik farqni saqlab qolmoqda. Ammo bu turdagi o‘yinini dushanba kuni o‘tkazadigan «MYu» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, birminghemliklarga uch ochkolik masofada yaqinlashib olishi mumkin.

«Manchester Siti» – «Nyukasl Yunayted» 2:1
Gollar:
O`Rayli, 14 (1:0). Holl, 22 (1:1). O`Rayli, 27 (2:1)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash (Husanov, 46), Geyi, Ayt Nuri, Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva, O`Rayli, Semenyo (Foden, 87), Marmush (Sherki, 58), Holand
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Tiau, Byorn, Holl, Trippiyer, Tonali, Uillok (Joelinton, 60), Remsi, Gordon (Osula, 78), Elanga (Myorfi, 78), Voltemade (Barns, 60)
Ogohlantirishlar: Ruben Diash, 41. Bernardu Silva, 50 – Byorn, 9. Uillok, 48. Barns, 62. Trippiyer, 65. Joelinton, 89

«Manchester Siti» va «Nyukasl» bu mavsumda bir-biri bilan o‘ynashdan zerika boshladi. «Shaharliklar» yaqinda Angliya ligasi kubogi yarimfinalida «qarg‘alar»ni ikki o‘yinda ham mag‘lub etib (2:0, 3:1), mavsumning birinchi davrasidagi mag‘lubiyat uchun revansh olishgandi. Oldinda Angliya kubogining nimchorakfinalida ham yana bir to‘qnashuv kutmoqda.

Shanba oqshomidagi o‘yinda esa mezbonlar birinchi navbatda «Arsenal» bilan poyga haqida o‘ylashayotgandi, «kanonirlar» hafta o‘rtasida 31-turdan ko‘chirilgan o‘yinda autsayder «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda ikki gol ustunligini boy berib (2:2), turnir jadvalida intriga yuzaga kelgandi.

«Etihad»dagi birinchi bo‘limda kutilmagan nomlar qahramonga aylandi. «Qarg‘alar» safida so‘nggi ikki mavsumda gol urmagan himoyachi Holl olis masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Donnarummani dog‘da qoldirdi. Ammo uning golidan oldin va keyin raqib himoyachisi O'Rayli bittadan gol urdi.

Mezbonlarning hujumchilari esa bu gollarda assistent vazifasini bajarishdi. Marmush tomonidan rivojlantirilgan qarshi hujum Nikoning jarima maydoni chizig‘i oldidan yo‘llagan aniq zarbasi bilan yakunlandi, Holand esa qanotdan uning boshiga to‘p oshirib berdi.

Erlingning o‘zi maydonni golsiz tark etdi, lekin himoyada bir necha bor foydali harakatlari bilan yodda qoldi. Jumladan, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda burchak zarbasi ijro etilganida to‘pni uzoqlashtirdi va o‘z harakati uchun Donnarummadan minnatdorchilik so‘zlarini qabul qilib oldi. «Siti» g‘alabali hisobni saqlab qoldi va «Arsenal» bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. Chempionlik poygasi avjiga chiqmoqda.

Ispaniya: Pamplonadagi sensatsiya

«Osasuna» – «Real» 2:1
Gollar:
Budimir, 38 – penalti (1:0). Vinisius Junior, 73 (1:1). Raul Garsiya, 90 (2:1)
«Osasuna»: R. Garsiya (Bretones, 66), Errando, Galan, Errera, Katena, Torro, Roze (Argibide, 83), V. Munos, Monkayola (Moro, 83), Oros (I. Munos, 71), Budimir (Raul Garsiya, 67)
«Real»: Kurtua, Alaba, Raul Asensio, Karreras, Karvahal (Aleksandr-Arnold, 64), Tshuameni, Arda Guler (Sebalos, 82), Kamavinga (Dias, 64), Valverde (G. Garsiya, 75), Vinisius Junior, Mbappe
Ogohlantirishlar: Oros, 32. Monkayola, 66 – Kurtua, 37. Aleksandr-Arnold, 84. Vinisius Junior, 88. Alaba, 90

Alaba va Karvahal anchadan buyon boshlang‘ich tarkibga kiritilgan o‘yinning birinchi bo‘limida «Real» hech bir jabhada raqibdan ustunlik qila olmadi. Aksincha, «Osasuna» yaxshiroq harakat qildi va tabloda nollar saqlanib qolishi faqat Kurtuaning sa’y-harakatlari tufayli bo‘ldi. U Budimirning yaqin masofadan bosh bilan yo‘llagan zarbasini ham qaytara oldi.

Ammo keyingi duel xorvatiyalik to‘purar foydasiga yakunlandi. Holbuki bu vaziyatda hakam avvaliga simulyatsiya uchun hujumchiga sariq kartochka ko‘rsatgandi.

Videotakrordan keyin esa qaror o‘zgardi va referi 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi, penaltini esa jabrlanuvchining o‘zi aniq ijro etdi.

Bu fol madridliklar uchun alamli bo‘ldi, chunki bu epizodda Raul Asensio to‘pni uzoqlashtirishga ulgurgan va darvozabonning harakati ortiqcha edi. Qolaversa, bu epizod madridliklar o‘yin tizginini qo‘liga ola boshlagan, Mbappe va Alaba ketma-ket zarbalar berishi ortidan ro‘y berdi.

Hisobni ochgan Ante Budimir endi o‘z klubi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi, bundan tashqari, u o‘z jamoasining XXI asrda «Real» darvozasiga eng ko‘p gol urgan futbolchisidir (4). Ammo forvardning sa’y-harakatlari g‘alaba uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin edi. Madridliklar ikkinchi bo‘limda tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi, Valverde esa zaxiraga olinishidan oldinroq Vinisiusni golli pas bilan ta’minlashga ulgurdi. Bundan ilhomlangan qaymoqranglilar raqibni taslim etishga harakat qilishdi – Mbappening yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini himoyachi Xavi Galan darvoza chizig‘i yaqinida to‘xtatib qoldi.

Bu daqiqalarda mezbonlar to‘liq kuch bilan himoyalanishayotgan va durang hisobni saqlashga harakat qilishayotgandi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda barchasi o‘zgarib ketdi. Sebalosning maydon markazi bo‘ylab bergan uzatmasidan keyin raqib to‘pni olib qo‘ydi va qarshi hujum boshladi, Raul Garsiya jarima maydoni ichida fint bilan Asensioni gazonga yiqitdi va yaqin masofadan zarba berdi, bu vaziyatda Kurtuada imkon yo‘q edi.

Avvaliga gol ofsayd holati tufayli bekor qilingandi, ammo VAR hakamning xatosini tuzatdi – Asensio ofsayd chizig‘ini ushlay olmagandi.

Pamplonada yig‘ilgan muxlislar o‘z sevimli jamoasining 2011 yildan buyon ilk g‘alabasiga guvoh bo‘lishdi. Alvaro Arbeloa esa «Real» boshqaruvidagi dastlabki 10 o‘yinidan (barcha turnirlar doirasida) uchtasida yutqazdi, bunaqasi oxirgi bor Xulen Lopetegi bilan kuzatilgandi.

Endi «Barselona» yakshanba kuni «Levante»ni mag‘lubiyatga uchratadigan bo‘lsa, yana birinchi o‘ringa qaytishi mumkin.

«Atletiko» – «Espanyol» 4:2
Gollar:
Karreras, 6 (0:1). Syorlot, 21 (1:1). Simeone, 49 (2:1). Lukman, 58 (3:1). Syorlot, 72 (4:1). Eksposito, 80 (4:2)
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Lorente (Molina, 74), Kardozo, Baena (Koke, 61), Lukman (Alvares, 61), Simeone (Le Norman, 84), Grizmann (Almada, 74), Syorlot
«Espanyol»: Dmitrovich, Kalero, Kabrera, Ridel (Terrats, 57), Romero, al Hiloli, Gonsales de Sarate, Pol Losano (Eksposito, 70), Dolan (Fernandes, 70), Karreras (Pere Milya, 77), Kike Garsiya (Ngonge, 70)
Ogohlantirish: Ngonge, 83

«Atletiko» mudofaasi YeChL o‘tish bosqichi doirasida Bryuggeda kechgan o‘yinda qo‘pol xatolar tufayli uchta gol o‘tkazib yuborgandi. «Espanyol»futbolchilari ham o‘yin debyutidayoq qanotdan qilingan hujumlar orqali raqib himoyasidagi zaif nuqtalardan foydalanishdi. Shu bilan birga, «matraschilar» hujum chizig‘ida barchasi joyida edi va o‘tkazib yuborilgan golda xato qilgan Lorente o‘z aybini yuvdi. U raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab oldi va uni darvozabon hududida turgan Syorlotga uzatdi. Mezbonlarning birinchi bo‘limda yo‘llagan qolgan zarbalarini esa «to‘tiqushlar» darvozaboni Dmitrovich qaytarib qoldi.

Serbiyalik posbonni dog‘da qoldirish uchun madridliklar kombinatsiyalar uyushtirishi talab etilardi. Ikkinchi bo‘lim boshida to‘p jarima maydonida tez harakatlantirildi va hujum yakunida Baena himoyachilar ortiga ochilgan Juliano Simeoneni pas bilan ta’minladi. Ko‘p o‘tmay «Atalanta»ning sobiq futbolchilari uchinchi golni urishdi – Rudjyeri tashlab bergan to‘pni Lukman boshi bilan olis burchak tomon aniq yo‘naltirdi. Keyinroq italiyalik himoyachi Syorlotni ham golli pas bilan ta’minladi va to‘rtinchi goldan keyin amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Lukman esa Luis Suares grafigida ketmoqda – u «Atletiko» safidagi dastlabki olti o‘yinida to‘rt gol urishga ulgurdi. «Matraschilar» «Betis»ni olti ochkoga ortda qoldirgan holda to‘rtinchi o‘rinni mustahkamladi.

Italiya: Dimarkoning standartlari – skudetto kaliti

«Lechche» – «Inter» 0:2
Gollar:
Mxitaryan, 75 (0:1). Akanji, 82 (0:2)
«Lechche»: Falkone, Gaspar (Zibert, 4), Tiagu Gabriel, Gallo, Veyga, Gandelman (Banda, 60), Ramadani, Kulibali (Shtulich, 83), Sottil (Ngom, 60), Perotti (N`Dri, 83), Cheddira
«Inter»: Zommer, de Vrey (Akanji, 60), Bastoni (Karlos Augustu, 88), Bissek, Zelinski, Suchich (Mxitaryan, 60), Frattezi, Dimarko, Luis Enrike (Diuf, 69), Tyuram (Bonni, 69), Espozito
Ogohlantirishlar: Tiagu Gabriel, 17 – de Vrey, 10. Bastoni, 87

«Lechche» chempionat peshqadamiga kutilganidan jiddiyroq qarshilik ko‘rsatdi, ammo bu safar ham Dimarko ijro etgan standart vaziyatlar «Inter»ning joniga ora kirdi. Shanba kuni uning burchakdan oshirgan to‘pini jarima maydoni markazida bo‘sh turgan Mxitaryan darvoza to‘riga yo‘lladi. Endilikda neradzurrilar gol bilan yakunlangan kornerlar (15) bo‘yicha top-5 ligalarda yaqqol peshqadam.

Dimarkoning o‘zi keyinroq yanada qulayroq vaziyatda turib gol urolmadi: uning dastlabki zarbasini darvozabon Falkone qaytardi, qaytgan to‘pga zarba berganida esa himoyachi chiziq ustida to‘pni qaytarib yubordi. Federiko baribir jamoasiga yordam berishda davom etdi va uning burchakdan oshirgan navbatdagi uzatmasini Akanji golga aylantirdi – himoyachi uchun bu chempionatning joriy mavsumidagi o‘n uchinchi assistga aylandi. Kristian Kivu A Seriya turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda va skudetto uchun asosiy da’vogarligicha qolmoqda.

Germaniya: «Bavariya»da navbatdagi g‘alaba

«Bavariya» – «Ayntraxt» F 3:2
Gollar:
Pavlovich, 16 (1:0). Keyn, 20 (2:0). Keyn, 68 (3:0). Burkardt, 77 - penalti (3:1). Kalimuendo, 86 (3:2)
«Bavariya»: Urbig, Upamekano, Kim Min Je, Deyvis (Ito, 50), Stanishich, Kimmih (Ta, 90+4), Pavlovich (Bishof, 77), Musiala (Gnabri, 78), Dias, Olise (Goretska, 90+4), Keyn
«Ayntraxt» F: Santos, Sxiri (Baum, 77), Amenda, Kollinz, Hoylund (Shaibi, 77), Larsson, Braun, Doan (Getse, 60), Baoyya, Amaymuni-Eshguyab (Burkardt, 60), Daud (Kalimuendo, 60)
Ogohlantirishlar: Baoyya, 43. Kollinz, 90. Amenda, 90

Sloveniyaning «Tsele» klubini dominantga aylantirgan Albert Riyera o‘z faoliyatidagi yangi bosqichni juda yaxshi boshladi. Ispaniyalik sobiq futbolchi «Ayntraxt» boshqaruvida Bundesligadagi ilk o‘yinida Berlinda «Union»ga qarshi durangga erishdi (1:1), uyda esa Menhengladbahning «Borussiya» klubi yirik hisobda tor-mor etildi (3:0). Ammo «Bavariya» – boshqa darajadagi jamoa edi va myunxenliklar birinchi bo‘limda to‘rt daqiqa ichida standart vaziyatlardan ikkita gol urishdi. Murakkab tarzda ijro etilgan birinchi burchak zarbasini Pavlovich qaytarib bo‘lmas zarba bilan yakunladi, navbatdagi korner vaqtida esa Stanishich to‘pni qulay vaziyatda turgan Keynga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘limda Harri dublni rasmiylashtirdi, lekin «burgutlar» taslim bo‘lishmadi. Avvaliga noyabr oyidan buyon ilk bor maydonga qaytgan Burkard birinchi javob golini urdi, keyin jamoaning qishdagi xaridlaridan biri Kalimuendo hisobni yanada qisqartirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo Gyotsening zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid