«Tottenhem» – «Arsenal» 1:4
Gollar: Eze, 32 (0:1). Kolo Muani, 34 (1:1). Yokeresh, 47 (1:2). Eze, 61 (1:3). Yokeresh, 90+4 (1:4)
«Tottenhem»: Vikario, Dregushin, van de Ven, Palinya (Tel, 82), Bissuma, Gallaher (Solanke, 62), Sarr, Spens, Grey, Simons, Kolo Muani (Risharlison, 68)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Timber (Moskera, 57), Subimendi, Rays, Eze (Edegor, 77), Trossar (Martinelli, 77), Saka (Madueke, 90+1), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Grey, 35 – Timber, 28

«Arsenal» va «Tottenhem» o‘rtasidagi derbi – APLning bu turidagi markaziy o‘yin edi. Jamoalardan biri titul uchun kurashmoqda, ikkinchisi esa – ligada qolish uchun. Lekin ikki jamoa ham so‘nggi haftalarni yomon o‘tkazgandi: «kanonirlar» ketma-ket ikki o‘yinda durang o‘ynab, asosiy ta’qibchisi «Siti»ni yaqinlashtirib olgan, «shporlar» esa sakkiz uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyadan keyin bosh murabbiyni almashtirgan va Tomas Frank o‘rnini Igor Tyudor egallagandi.

Barcha Arteta so‘nggi muvaffaqiyatsizliklarga qanday reaksiya ko‘rsatishi va «Tottenhem» yangi bosh murabbiy boshchiligida qanday ko‘rinishda bo‘lishini qiziqish bilan kutayotgandi. Mezbonlar o‘yinni besh himoyachidan iborat sxema bilan boshlashdi, lekin jamoaning asosiy himoyachisi Romero diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli markaziy himoyada van de Venga tajribasiz Dregushin va asl pozitsiyasi tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan Palinya sherik bo‘ldi.

Natijada ilk daqiqalardan mezbonlar jarima maydonida tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Vikario o‘rinsiz holatda darvozasini tashlab, jarima maydoni tashqarisiga chiqib keldi. Keyin Yokereshda qulay vaziyat bo‘ldi, ammo uning boshda yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. «Arsenal»ning kuchli bosimi texnik xatolik tufayli to‘xtab qoldi – yon qanot hakamining aloqa vositasi buzilib qolgandi.

Lekin bu mehmonlarning shiddatini so‘ndira olmadi va Vikario darvozasi atrofida xavfli vaziyalar yuzaga kelishi davom etdi. Burchak zarbasidan keyin Salibaning zarbasi biroz xato ketdi, keyin esa Simons jarima maydoni yaqinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘p yo‘qotdi, ammo Trossar bu sovg‘adan foydalana olmadi.

Umuman olganda, «Arsenal»ning ustunligi yaqqol ko‘rinib turardi va bu statistikada ham aks etdi: birinchi bo‘limda mehmonlar o‘yinning 73 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishdi, zarbalar soni bo‘yicha 12:2. Ezening 32-daqiqada hisobni ochishi o‘yin mantig‘iga to‘la mos edi. Ushbu yarimhimoyachi jarima maydoni markazida to‘pni qabul qilib, ikkinchi teginishda zarba berish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ldi.