Yevropa Chempionlar Ligasi pley-offi doirasidagi «Benfika» — «Real» o‘yinini futbol muxlislari qiziqish bilan tomosha qildi. Chunki Mourinio boshchiligidagi «Benfika» oldingi bosqichda «Real»ni sensatsion tarzda mag‘lub etgandi. Lekin ikki katta klub o‘rtasidagi bu galgi to‘qnashuv oldingisi kabi darvozabon gol urgani bilan emas, yoqimsiz voqea bilan yodda qoldi.

«Benfika»ning argentinalik futbolchisi Janluka Prestiani «Real»ning qora tanli futbolchisi Vinisius Juniorni «maymun» deb atab haqorat qildi. Bu juda yomon voqea bo‘ldi. Shunchalik yomonki, sobiq «Barselona» o‘yinchilari Vinisiusni qo‘llab chiqdi.

Nima bo‘ldi o‘zi?

Voqea 18 fevral kuni Lissabondagi «Estadio da Lush» stadionida sodir bo‘ldi. Madridning «Real» klubi Chempionlar Ligasi oldingi bosqichida kuchli sakkizlikka kira olmagani uchun pley-offda o‘ynashga majbur bo‘ldi. Alvaro Arbeloa murabbiyligida o‘ynayotgan «Real» shu kuni Joze Mourinio qo‘l ostidagi «Benfika» mehmoni bo‘ldi. Uchrashuv 1:0 hisobida «Real»ning g‘alabasi bilan tugadi. 50-daqiqada Vinisius Junior juda chiroyli gol urib, Madridga g‘alaba keltirdi. Barchasi ana shu goldan keyin boshlandi...

Vini chiroyli gol urganidan zavqlanib, qanotdagi bayroqcha oldiga borib, brazilchasiga raqsga tushdi. Mezbon muxlislar o‘zlariga qarab raqsga tushgan futbolchiga hushtakbozlik qilishdi. Keyinroq Vinisius hakamning oldiga yugurib borib, «Benfika» futbolchilaridan biri uni haqorat qilganini aytdi.

Bu epizoddan oldinroq mezbonlarning argentinalik futbolchisi Janluka Prestiani qo‘lini og‘ziga qo‘yib Viniga nimadir deganini ko‘rish mumkin. «Real» yetakchisining aytishicha, Prestiani uni kamida besh marta «maymun» deb haqorat qilgan. Madridliklar hujumchisi Mbappe ham buni tasdiqladi. Kilian odatda futboldan tashqari mavzular haqida gapirmaydi, lekin bu o‘yindan keyin chiqish qilib, Presitani Vinisiusni irqchilik kayfiyatida haqorat qilganini aytdi.

Futbol oilasi ikkiga bo‘lindi

Chempionlar Ligasi pley-offining barcha o‘yinlari mana shu epizod soyasida qolib ketdi, chunki Vini bilan bog‘liq holatda dunyo futbolidagi og‘ir mavzu yana o‘rtaga chiqdi. Muxlislar, futbol oilasi ikkiga bo‘lindi. Aksar futbolchilar, muxlislar, murabbiylar bunaqa futbolda irqchilikka o‘rin yo‘qligi haqida gapirdi, hatto sobiq «Barselona» futbolchisi Tiyeri Anri bu holatda «Men madridistman», deb chiqdi.