Sho‘rchi tumanida sodir etilgan jinoyat bo‘yicha sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligiga taftish instansiya sudi tomonidan huquqiy baho beriladi. Surxondaryo viloyati sudi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llanadigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi sudida aynan shu jihatlar inobatga olingan va mahkumlarga qonuniy yengilliklar berilgan.

“Apellyatsiya sudida jabrlanuvchining qonuniy vakili N.Tangirovaning ko‘rsatmalari tekshirilib, hodisa sodir bo‘lgan joyda mavjud bo‘lgan videokuzatuv kameralaridan olinib, jinoyat ishiga ashyoviy dalil sifatida qo‘shilgan DVD disklardagi hodisa jarayonini qayd etilgan videoyozuvlarda o‘z tasdig‘ini topmaganligi qayd etilgan.

Shu tariqa sudlov hay’ati, jabrlanuvchining qonuniy vakili N.Tangirovaning dastlabki tergov, birinchi bosqich va apellyatsiya instansiyasi sudida bergan ko‘rsatmalari dalil sifatida maqbul emas deb topishni va bila turib yolg‘on ko‘rsatma berganlik holatiga baho berish uchun Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi talablariga asosan prokuraturaga xabar qilishni lozim topgan”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni olib borgan Surxondaryo viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi AMIB katta tergovchisi Q.Saidovga nisbatan kelgusida jinoyat ishlari bo‘yicha aybdor shaxsning jinoiy qilmishlarini kvalifikatsiya qilishda Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari talablari, Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga qat’iy amal qilish, qonuniy va asosligini ta’minlash, ularni hal etishda qonun buzish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlash maqsadida xususiy ajrim chiqarilib, Surxondaryo viloyati prokuroriga yuborilgan.

Bundan tashqari, jinoyat ishini birinchi bosqich sudida ko‘rishda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan JIB Sho‘rchi tuman sudi raisiga tegishli choralar ko‘rish, kelgusida jinoyat ishlari bo‘yicha chiqariladigan qarorlarining qonuniy va asosligini ta’minlash, ularni hal etishda qonun buzish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ushbu toifadagi jinoyat ishlarini sudlarda ko‘rishda alohida e’tiborning kuchaytirilishini ta’minlash maqsadida xususiy ajrim chiqarilgan.