16 fevral kungi prezident farmoni bilan, yangi tahrirdagi “Özbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Şu asosda 2023 yilda qabul qilingan avvalgi strategiya öz kuçini yöqotib, kelgusi 5 yillik rejalar qayta körib çiqildi. Kun.uz hujjatning keng omma uçun diqqatga sazovor ayrim bandlarini sanab ötadi.

Ta’lim

Yangilangan strategiyaga asosan, 2030 yilda boğça va maktablardagi oylik maoşlar miqdori 2023 yilga nisbatan 2 barobarga yuqori bölişi kerak. Rasmiy statistikaga köra, ta’lim sohasidagi örtaça maoş (daromad soliğini ham qöşganda) 2023 yilda 3,1 mln söm bölgan; 2025 yilda esa 4,4 mln sömga yetgan.

Maktablar va boğçalardagi sanitar şaroitlarni yaxşilaş ham ustuvo vazifalar qatoriga kiritilgan. Hujjatga köra, hozirda “Uç yulduzli yondaşuv” metodologiyasi asosida suv, sanitariya va gigiyena şaroitlari bilan ta’minlangan boğçalar va maktablar uluşi 30 foizni taşkil etadi. 5 yildan keyin bu körsatkiç 86 foizga yetişi közda tutilgan.

Prezident maktablarning baholaş tizimi joriy etilgan maktablar uluşini 33 foizdan 50 foizga yetkaziş, “Elektron doska” bilan ta’minlangan maktablar uluşini esa 43 foizdan 100 foizga yetkaziş maqsad qilingan. 2025 yilda xususiy maktablarning uluşi 6,3 foiz bölgan bölsa, 5 yildan keyin Özbekistondagi har 10 ta maktabdan 1 tasi xususiy bölişi kerak.

Soğliqni saqlaş

2025 yil yakunlariga köra, Özbekistonda örtaça umr köriş davomiyligi 75 yil-u 2 oyni taşkil etgan. 2030 yilga borib, şu körsatkiçni 78 yoşga yetkaziş maqsad qilinyapti. Buning uçun mahallalarda 3 mingtadan ortiq sport maydonçalari barpo etiladi.

Şuningdek, davlat budjetidan soğliqni saqlaş sohasiga ajratiladigan mablağlar uluşini yalpi içki mahsulotning 5 foiziga yetkaziş közda tutilgan.

55 yoşdan oşgan aholining 90 foizini har yili profilaktik tibbiy körikdan ötkaziş, bu orqali yurak-qon tomir kasalliklari, xavfli ösma, qandli diabet va sil taşxisi qöyilgan bemorlarning 50 foizini ana şu profilaktik köriklarda aniqlaş reja qilingan.