Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistonda Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan noyob qadimiy qo‘lyozma saqlanmoqda
Tojikiston Milliy universiteti muzeyida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” nomli noyob turkiy qo‘lyozma saqlanayotgani aniqlandi. Mutaxassislar fikricha, ushbu asar Temur haqidagi eng qadimgi turkiy manbalardan biri bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlatda saqlanayotgan Amir Temur va temuriylar davriga oid kitoblar, qo‘lyozmalar hamda mazkur davr san’ati, me’morchiligi va miniatyuralariga oid eksponatlarni o‘rgandi.
O‘rganishlar natijasida Tojikiston Milliy universiteti muzeyida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” nomli o‘zbek (turkiy) tilida yozilgan noyob qo‘lyozma saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Universitet professori Badriddin Maqsudovning ta’kidlashicha, “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” (“Amir Temurning maqtovga sazovor fazilatlari”) kitobi Temur haqidagi eng qadimgi turkiy qo‘lyozma bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, ushbu asar “Temur tuzuklari”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, shuningdek, Mirxond va Xondamir ijodi kabi mashhur tarixiy manbalardan oldin yozilgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarixiy kitob Amir Temurning tug‘ilishidan tortib, jang sahnalari, shuningdek, shayxlarga tegishli mo‘jizalar tasvirini o‘z ichiga oladi va xalq afsonalari bilan chambarchas bog‘liq tarixiy ma’lumotlarni qamrab oladi. Matnda Temurning zamondoshlari bo‘lmagan qahramonlar uchrashi rivoyatlarga folklor elementlar kiritilganidan dalolat berishi qayd etilgan.
Qo‘lyozma so‘ngida hijriy 1027 yil rajab oyi — milodiy 1618 yil iyun–iyul oylariga to‘g‘ri keluvchi sana ko‘rsatilgan. Mutaxassislar hujjat nusxa bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda, asl nusxa ancha oldin yozilgan bo‘lishi ehtimolini ham bildirmoqda.
Qo‘lyozmani atroflicha tadqiq etish Amir Temur davri va Markaziy Osiyo tarixini chuqurroq anglashga katta hissa qo‘shishi ta’kidlanmoqda.
Mavzuga oid
20:05 / 16.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston bosh vazirini qabul qildi
22:09 / 12.06.2026
Saida Mirziyoyeva Amir Temur haqidagi “Adolat fasli” spektakliga yuqori baho berdi
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
18:02 / 02.06.2026