O‘zbekiston | 15:50 / 03.03.2026
1774
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi

2026 yil 1 yanvardan boshlab Hamshiralar akademiyasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universitetining Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Yangi tuzilma o‘rta tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Foto: oliygoh.uz

Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi sohasida kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish doirasida yangi oliy ta’lim muassasasi — Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasini tashkil etish belgilanmoqda.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Hamshiralar akademiyasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Toshkent davlat tibbiyot universitetining Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha:

akademiya oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
2028 yil 1 yanvardan boshlab unga oliy ta’lim muassasalariga berilgan akademik va moliyaviy mustaqillik tamoyillari tatbiq etiladi;
oliy va kasbiy ta’limda o‘rta tibbiyot hamda farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha barcha ta’lim tashkilotlariga uslubiy rahbarlik qiladi.

Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik o‘quv dasturlari bekor qilinadi. Tibbiyot texnikumlari bitiruvchilariga belgilangan tartibda faqat “oliy hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida ikkinchi kursdan o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi.

Mazkur islohotlar o‘rta tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va sohada professionallik darajasini yuksaltirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid