O‘zbekiston | 11:36 / 03.03.2026
2188
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda havo sifati: yomg‘irdan keyin PM2,5 qayta oshishi mumkin

Yog‘ingarchiliklar odatda havodagi chang va mayda dispers zarrachalarni kamaytirishi kutilsa-da, kuzatuvlar yomg‘irdan keyin PM2,5 konsentratsiyasi qayta oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz 

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kutilayotgan yog‘ingarchiliklar atmosfera havosidagi ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirishi mumkinligi ta’kidlangan edi. Chunki yomg‘ir odatda havodagi chang va mayda dispers zarrachalarni (PM2,5 va PM10) yuvib tushirishga xizmat qiladi.

Biroq O‘zgidromet kuzatuv stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda atmosfera havosida mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasida sezilarli pasayish qayd etilmayapti.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tuman davrida va yomg‘irdan so‘ng PM2,5 konsentratsiyasining oshishi keng tarqalgan holat hisoblanadi. Yomg‘ir vizual jihatdan havoni “tozalovchi” omil sifatida qabul qilinsa-da, atmosferadagi fizik-kimyoviy jarayonlar ancha murakkab kechadi.

Tuman shunchaki namlik emas, balki mayda suv tomchilari majmuasi bo‘lib, ularda chang va qorakul zarrachalari to‘planishi, shuningdek ikkilamchi aerozollar shakllanishi mumkin. Bunday sharoitda:

  • shamol sust bo‘ladi;
  • havo aylanishi cheklanadi;
  • harorat inversiyasi kuzatiladi.

Natijada ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning yerga yaqin qatlamida ushlanib qoladi va PM2,5 konsentratsiyasi oshishi mumkin.

Kuchli yog‘ingarchilik paytida yirik tomchilar ifloslantiruvchi moddalarni samaraliroq yuvib tushirishi va ko‘rsatkichlar vaqtincha pasayishi mumkin. Biroq yomg‘irdan keyin yuqori namlik sharoitida zarrachalar gigroskopik xususiyat tufayli kattalashadi va o‘lchov asboblari tomonidan faolroq qayd etiladi. Shuningdek, namlik bug‘lanishi ikkilamchi aerozollar hosil bo‘lishini kuchaytirishi mumkin.

Qayd etilishicha, vaziyat doimiy monitoring ostida. Ma’lumotlar aniqlashtirilgandan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid