4 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.

Prezident O‘mon hududida sodir bo‘lgan bunday harakatlardan xavotirda ekanini bildirib, O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidladi.
Davlat rahbari Sultonlikning mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirib kelayotgan faol vositachilik roli va izchil sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, O‘monda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoit uchun sultonga minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, O‘mon sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zayd Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.
Muqaddas Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.



















