O‘zbekiston Erondan nima sotib oladi va unga nima sotadi? Tashqi savdomizda bu mamlakatning va undan o‘tuvchi tranzit yuklarining o‘rni qay darajada? Shu kabi savollarga Kun.uz studiyasida ekspertlar Nargiza Umarova va Umrbek Yusupov javob berishdi.

Oxirgi haftalarda Afg‘oniston–Pokiston hamda AQSh/Isroil–Eron ziddiyatlari qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Janubdagi qo‘shnilarimizda kuzatilayotgan notinchlik O‘zbekiston uchun eng kamida iqtisodiy oqibatlarga ega bo‘lishi tayin.

Xo‘sh, bu qanday oqibatlar va ularning ko‘lami qanaqa bo‘ladi? Oltin narxi oshishi bilan bog‘liq plyuslar yo‘qotishlarni qanchalik kompensatsiya qila oladi?

Kun.uz bu savollarga Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarova hamda Progressiv islohotlar markazi eksperti Umrbek Yusupovdan javob oldi.

– Hozirgi keskinlik O‘zbekistonning qaysi savdo koridorlariga katta xavf tug‘dirmoqda. Bu tashqi savdomiz uchun nimani anglatadi?

Nargiza Umarova: Eron, Pokiston va Afg‘oniston biz uchun strategik va ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan janubiy tranzit yo‘nalishining asosiy ishtirokchilari hisoblanadi. Ular janubiy tranzitni ta’minlab beruvchi davlatlar sirasiga kiradi. Eron aslida an’anaviy ravishda barqaror va xavfsiz tranzit davlati hisoblanadi. Biz bilamiz, o‘tgan yili ham yoz oyida 12 kunlik urush tufayli eng yirik porti — Bandar Abbosga zarar yetgan edi. Hozir ham beqarorlik kuzatilmoqda. Doimiy ravishda Eron shu imkoniyatni ta’minlab bergan, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun ham.

Oxirgi yillarda bizning strategik loyihamiz bor — 2018 yildan transafg‘on yo‘lini qurishni tashkil etdik. Bu loyihada ishtirokchi uch davlat bor: O‘zbekiston tashabbuskor, shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston. Dinamikani ko‘radigan bo‘lsak, ham Afg‘oniston, ham Pokiston bilan, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada aloqalar juda ham jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yil, 2025 yil natijalariga ko‘ra, Afg‘oniston O‘zbekistonning TOP o‘ntaligiga kirdi, umumiy savdo aylanmamiz 1,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Pokiston va Eron ham O‘zbekiston uchun TOP yigirmatalikka kiradi.

Siz aytayotgan masala — transport koridorlari va tranzit koridorlari masalasi. Hozir bu borada Eronning pozitsiyasi mustahkam, Eron dunyoning 15 mamlakati bilan chegaradosh. Tarixan ham Eron doim tranzit bog‘lovchi bo‘lib kelgan — Buyuk ipak yo‘li davridan, o‘rta asrlardan beri. Eron bilan bizning aloqalarimiz intensivlashgan, bu jarayon 2018 yildan boshlandi.