Kun.uzʼga kelib tushgan bir nechta murojaatlarga ko‘ra, ayni dam o‘nlab fuqarolar BAAning Dubay shahrida qolib ketgan. Ularning deyarli hammasi sayohatga borgan va o‘tgan kunlar davomida Eronning havodan hujumlari oqibatida yuzaga kelgan vaziyat sabab reyslari bekor qilingan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Dubaydagi konsulxonaning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, favqulodda vaziyat yuz bergan onda to‘planib qolgan fuqarolar dastlabki reyslar bilan O‘zbekistonga qaytarilgan. Biroq 6 mart sanasiga kelib, Dubayda vaziyat tinch va havodan hujum bo‘lishi haqida hech qanday e’lon yo‘q. Shundan kelib chiqib, shahar aeroportlari hamda osmoni ochilgan, O‘zbekistonga ham reyslar amalga oshirilmoqda. Shundan kelib chiqib, fuqarolar o‘z sayyohlik agentliklari bilan kelishgan holda ma’qul reyslar bilan ortlariga qaytishlari mumkin, deydi rasmiylar.

Dubaydagi konsulxona vaziyat yuzasidan o‘z bayonotini ham e’lon qildi.

Ayni vaqtda Dubay shahrida vaziyat nisbatan barqarorlashgan bo‘lib, havo hududi ochilgani sababli Dubay–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar “UzAirways”, “CentrumAir” hamda “Qanotsharq” aviakompaniyalari orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 5 - 6 mart kunlari “UzAirways”, 6 mart kuni “CentrumAir” aviakompaniyasi reysi Toshkentga bo‘sh joylar bilan qaytgan. Shu bilan birga, o‘tgan kunlar davomida “FlyDubai” va “Air Arabia” aviakompaniyalari orqali chipta olib, turli sabablarga ko‘ra reyslari bekor qilingan yoki kechiktirilgani natijasida Dubay shahrida qolib ketgan yurtdoshlarimiz o‘z turoperatorlari yoki aviakompaniyalar bilan aloqaga chiqib, kunlik qo‘yilayotgan reyslar orqali O‘zbekistonga qaytish imkoniyatidan ham foydalanishlari mumkin”, deyiladi bayonotda.

Biroq Kun.uz bilan gaplashgan qator yurtdoshlarimizga ko‘ra, deyarli barcha sayyohlik agentliklari ular bilan aloqalarni uzgan va telefon, xabarlariga umuman javob berishmayapti. Aloqaga chiqqanlari esa turfirma xizmatidan foydalanish shartnomasida fors-major holatlari yuz berganda qo‘shimcha reys va shunday xarajatlarni agentliklar bo‘yniga olmasligi ko‘rsatilganini ro‘kach qilishgan. Ya’ni sayohatga borgan yurtdoshlarimiz o‘ziga mos paketlarni xarid qilayotganda imzo chekkan hujjatlari orasida agar fors-major holati yuz bersa, qo‘shimcha xarajatlarni turoperatorlar qoplamasligi ko‘rsatilgani ham bo‘lgan.

“Oyim, men va opam kelganmiz. Opam sayyohlik agentligi orqali yetib keldi, biroq uni jo‘natganlar qayta bilet olish turoperatorlar bo‘ynida emasligi, bu fors-major holati ekani va hech qanday mas’uliyatni bo‘yniga olmasligini gapiryapti”, deydi yurtdoshlarimizdan biri.

Rasmiylarning tushuntirishicha, sayyohlik agentliklari o‘z mijozlari talab hamda vaziyatini inobatga olishi kerak.