Huquq faollari va muxlislar Osiyo kubogida ishtirok etish uchun Avstraliyaga borgan Eron ayollar jamoasi futbolchilarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirmoqda. Ular turnirning birinchi o‘yinida milliy madhiyani kuylashdan bosh tortishgani uchun sportchilarni Eronda og‘ir oqibatlar kutayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda.
Futbol bo‘yicha Eron ayollar jamoasi – Yaqin Sharqning Osiyo Kubogiga yo‘llanma olgan yagona jamoasi edi. Sportchilar turnirda ishtirok etish uchun Avstraliyaga uchib borishganida hali Isroil va AQSh Eronga qarshi urush boshlamagandi.
2 mart kuni eronliklar turnirdagi ilk o‘yinini Janubiy Koreya vakillariga qarshi o‘tkazishdi va 0:3 hisobida yutqazishdi. Milliy madhiya kuylanayotganida eronlik futbolchi qizlar jim turishdi, ularning ayrimlari kulib qo‘yishdi. Ushbu holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda va saytlarda keng tarqaldi.
Sportchilarning bu harakati aynan kimga qarshi qaratilgan norozilik ifodasi ekani noma’lum. Ularning o‘zi harakatlari yuzasidan izoh bermagan. Ammo Erondagilar futbolchilarning bu harakatini mamlakat hukumatiga qarshi chiqish deb topishgan, rasmiy nashrlarda esa ular qattiq tanqidga uchragan, bu holat «hayosizlikning eng yuqori cho‘qqisi» deb baholangandi. Davlat telekanallaridan birining boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy sportchilarni «sharafsizlik va vatanparvarlik tuyg‘usi yo‘qligi» uchun «qat’iy» jazolashga chaqirgan. U futbolchi qizlarni «harbiy davrdagi xoinlar»ga chiqargan.
Eronda sportchilar qattiq tanqidga uchrashi huquq himoyachilari, muxlislar hamda Avstraliyadagi eronliklar diasporasi vakillarini jiddiy xavotirga solmoqda. Ayrimlar agar qizlar vatanga qaytishsa, ularga davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilishi hamda qatl hukmi chiqarilishidan xavfsiramoqda.
Vaziyatni sportchilarning o‘zlari qanday baholashi va ular o‘zlarini himoyaga muhtoj deb hisoblaydimi yoki yo‘qmi, bunisi ham noma’lum. Ular na jurnalistlar va na huquq himoyachilari bilan muloqot qilishmoqda.
Avstraliyaga qarshi ikkinchi tur o‘yinida va Filippinga qarshi uchinchi o‘yin avvalida ham eronliklar jamoasi milliy madhiya qo‘yilganida harbiycha salom (chest) berishdi va madhiyani kuylashdi. Taxminlarga ko‘ra, futbolchilarni bunga Islom inqilobi muhofizlari korpusining Eron delegatsiyasiga hamrohlik qilayotgan xodimlari majbur qilgan.











