Toshkentda o‘tgan imzolash marosimida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Yermatov, Coca-Cola’ning O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye hamda Coca-Cola İçecek kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh menejeri Furkan Aydin ishtirok etdi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar 2030 yilgacha futbolni ommalashtirish, milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi. Boshqacha aytganda, bu hamkorlik faqat reklama yoki homiylik bilan cheklanmay, futbol ekotizimini kengroq rivojlantirishni maqsad qiladi.

“Coca-Cola uzoq yillardan buyon jahon futbolining eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib keladi. Kompaniya yirik turnirlar, jumladan, FIFA Jahon chempionati kabi musobaqalarda futbolni qo‘llab-quvvatlaydi. Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekiston kubogi musobaqasiga ham homiylik qilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatda futbol barcha yo‘nalishlarda ya’ni yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari, ayollar futboli, futzal hamda sohil futbolida rivojlanib, xalqaro maydonlarda muhim yutuqlar qayd etilyapti. Yaqin kunlarda ayollar milliy terma jamoasi Avstraliya va Filippin terma jamoalariga qarshi o‘yin o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bu ham jamoamiz uchun katta imkoniyat. Albatta, oldimizda yirik maqsadlar turibdi.

Biz jahon, Osiyo chempionatlari hamda Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz. Bu o‘zbek futboli tarixida yangi sahifalar ochishiga ishonamiz. Shu munosabat bilan barcha hamkorlarimiz, Coca-Cola kompaniyasi, futbol mutaxassislari, futbolchilar va murabbiylarga minnatdorchilik bildiraman. Ishonamizki, kelgusi yillarda natijalarimiz yanada barqaror bo‘lib, o‘zbek futbolida yuqori natijalar qayd etiladi”, – deydi Ravshan Yermatov.

Tadbir davomida “Coca-Cola Ichimligi O‘zbekiston” kompaniyasi va O‘FA o‘rtasida assotsiatsiya tomonidan o‘tkaziladigan o‘yinlarni Bonaqua hamda Coca-Cola ichimliklari bilan ta’minlash bo‘yicha ham besh yillik kelishuv imzolandi. Marosimda o‘zbek futboli afsonalari Odil Ahmedov, Lutfillo To‘rayev, Kamoliddin Mirzoyev va Sanjar Tursunov, shuningdek, milliy jamoa o‘yinchilari Jaloliddin Masharipov va Hojimat Erkinov ham ishtirok etdi.