Isroil 18 mart kuni Janubiy Forsga – dunyodagi eng yirik gaz konining Eronga tegishli qismiga (ikkinchi qismidan Qatar foydalanadi) zarba berdi. Erondagi Tasnim va Mehr davlat agentliklariga ko‘ra, Asaluyye nomli sanoat shahri atrofidagi neft-kimyo korxonalariga ham hujum qilingan.
Janubiy Fors koni zaxiralari 14,2 trillion metr kub deb baholanadi. Reuters agentligi qayd etishicha, bu 13 yil mobaynida butun dunyoning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli hisoblanadi.

Social Media / Reuters / Scanpix / LETA
Erondagi gaz qazib olishning 70 foiz qismi Janubiy Fors hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu gaz asosan ichki bozorga yetkazib beriladi, ammo bir qismi Turkiya va Iroqqa ham eksport qilinadi. Isroil zarbalaridan keyin gaz yetkazib berish to‘xtatilgan.
Iroy elektr stansiyalari ishlashi uchun kerak bo‘lgan gazning uchdan bir qismi Erondan import hisobiga qoplanadi, deya qayd etadi Anadolu. Erondagi INA agentligi xabariga ko‘ra, Iroq energetika vazirligi elektr stansiyalar hozircha mahalliy resurslardan foydalanayotgani va vaziyat «nisbatan barqarorligi»ni bildirgan, shu bilan birga, Eron gazi yetkazib berilishi to‘xtatilishi «jiddiy risk» tug‘dirishidan ogohlantirgan.
Iroq TIV Janubiy Fors bo‘ylab zarbalarni qoralagan va bu zarbalar «jiddiy keskinlashuv hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid», shuningdek, «xalqaro huquqning fundamental prinsiplari va normalari buzilishi» ekanini qayd etgan. BAA rasmiylari ham Janubiy Fors bo‘ylab zarbalarni nafaqat global energiya ta’minotiga, balki mintaqaviy xavfsizlikka ham to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soladigan «jiddiy eskalatsiya» deb atagan. Qatar hujumni «xavfli va mas’uliyatsizlik bilan tashlangan qadam» sifatida baholagan.
RF prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyev Janubiy Fors bo‘ylab zarbani «burilish pallasi» deb atadi, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful esa Eron bilan urush «nafaqat bu mintaqani, balki butun dunyoni chuqur inqirozga olib kirishi»ni aytdi.
Janubiy Fors bo‘ylab zarbalardan keyin Eron bunga javoban AQShning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarning «yoqilg‘i, energetika va gaz infratuzilmalari»ga hujum qilishini ma’lum qildi. Eron televideniyesi javob zarbalari uchun «qonuniy nishonlar» ro‘yxatiga Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA neft-gaz obektlari kiritilganini e’lon qildi.


















