Mirziyoyev O‘zbekiston birodar Tojikistonning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, inflatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish borasida erishayotgan yuksak natijalaridan chin dildan mamnun ekanini ta’kidladi.

Tojikiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir. Mamlakatlar maqsadlari, qarash va intilishlari mushtarak ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Parlamentlar va hukumatlar, hududlar rahbarlari va ziyolilar darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazilayotgani qayd etildi.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetdi. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozir 500 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Transport sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida haftasiga o‘nta aviareys amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti bugungi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari, boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar hamda Davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi davomida masalalarning keng doirasi muhokama qilindi, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari belgilandi.

Barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muloqotni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlariga alohida dastur asosida tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirildi.

Shu maqsadda “Oybek – Fotihobod” savdo zonasini tashkil etish tezlashtiriladi, energetika, geologiya, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda ikki milliard dollarlik tashabbuslarni o‘z ichiga olgan Kooperatsiya dasturi amalga oshiriladi. Tomonlar ushbu loyihalarni ilgari surish uchun Qo‘shma investitsiya kompaniyasining salohiyatidan faol foydalanishga kelishib oldi.