AQSh prezidenti Donald Tramp atrofidagi bir necha kishi Grenlandiyaga katta miqdorda sarmoya kiritib, u yerda ta’sir tarmoqlarini qurmoqda. Bu faoliyat Daniya maxsus xizmatlari va jurnalistlarining e’tiborini tortdi, ular dastlab buni yashirin qo‘poruvchilik operatsiyalari deb baholadi. Biroq, The New York Times (NYT) nashrining yozishicha, bu operatsiyalarda hech qanday yashirin yoki qo‘poruvchi narsa yo‘q.
Grenlandiyaga Trampning uzoq yillik do‘sti, unga orol ustidan Amerika nazoratini o‘rnatish g‘oyasini birinchi bo‘lib bildirgan Ronald Lauder, shuningdek, Cantor Fitzgerald kompaniyasi sarmoya kiritmoqda. Hozir AQSh savdo vaziri bo‘lgan Hovard Lyutnik ilgari unga rahbarlik qilgan.
Tramp atrofidagi boshqa odamlarning ham Grenlandiyada o‘z ambitsiyali loyihalari bor. Masalan, AQSh Energetika vazirligining sobiq xodimi va qazib olish sanoatiga sarmoya kiritadigan GreenMet kompaniyasi rahbari Dryu Horn orolda ulkan ma’lumotlar markazini qurmoqchi va uni iqlim o‘zgarishi tufayli muzliklardan erigan suvda ishlaydigan yangi elektr stansiyasidan quvvatlantirmoqchi.
Kelajakda Horn ushbu elektr stansiyasiga tayanib, Grenlandiyada boshqa energiya talab qiladigan loyihalarni, jumladan, alyuminiy ishlab chiqarishni rivojlantirish niyatida. Uning GreenMet kompaniyasi orolda mavjud bo‘lgan noyob yer minerallarini qazib olish loyihalariga alohida e’tibor qaratadi.
Trampning Arktika bo‘yicha maslahatchisi Tomas Dans taniqli shaxslar, jumladan, prezidentning o‘g‘li kichik Donald Tramp uchun Grenlandiyaga piar-sayohatlar uyushtirmoqda. U AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning orolga tashrifini ham tashkil qildi. Dastlabki dasturda mahalliy aholi bilan muloqot qilish, jumladan, it qo‘shilgan poygalarda qatnashish ko‘zda tutilgan edi. Ammo Vensni norozilik namoyishlari bilan kutib olishlari ma’lum bo‘lgach, dastur sezilarli darajada qisqartirildi: vitse-prezident faqat Amerika harbiy bazasiga tashrif buyurdi.
Bundan tashqari, Dans grenlandiyalik g‘isht teruvchi Yorgen Boassenning AQShga sayohatini tashkil qildi. U 2024 yilda Trampning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etgan va vataniga qaytgach, oroldagi Amerika prezidentining eng mashhur tarafdorlaridan biriga aylangan. Biroq, uning qarashlari vatandoshlari orasida keng tarqalmagan, deb yozdi NYT.
Amerikaning Grenlandiyadagi «ta’sir operatsiyalarini» tashkillashtiruvchi yana bir shaxs - Ichki xavfsizlik vazirligi jamoatchilik kengashi a’zosi va «Baykerlar Tramp uchun» harakati asoschisi Kris Koks. U orolga tez-tez boradi - o‘z so‘zlariga ko‘ra, «do‘stlar orttirish uchun». U Daniya hukumatini grenlandiyaliklarga bo‘lgan munosabati uchun ochiqchasiga tanqid qiladi. Daniya maxsus xizmatlari u orolda ayirmachilik kayfiyatini qo‘zg‘atishga urinayotganini taxmin qilmoqda.















