Ukraina Markaziy Osiyo bilan yaqinlashishni boshladi. Tashqi ishlar vazirligida bu mintaqa uchun boshqarma va vazirning maxsus vakili ish boshladi, deydi Toshkentga kelgan vazir o‘rinbosari Oleksanr Mishchenko. Shuningdek, u O‘zbekiston prezidenti va TIVga Ukrainaning suvereniteti, hududiy yaxlitligini qo‘llagani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Men O‘zbekistonga Ukraina TIVning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni sezilarli darajada faollashtirish to‘g‘risidagi qarori ortidan bilan keldim. Biz vazirligimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar bo‘yicha maxsus bo‘linma, boshqarma tashkil etdik. Shuningdek, vazir Markaziy Osiyodagi ishlar bo‘yicha maxsus vakilni tayinladi. Bu Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Viktor Mayko bo‘lmoqda. U ham men bilan kelgan. Biz Toshkentda, O‘zbekiston TIVda bo‘ldik, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildirdim. Biz uchun bu ikki tomonlama munosabatlarni belgilaydigan asosiy masala”, deydi Ukraina TIV o‘rinbosari.
Oleksandr Mishchenkoning qo‘shimcha qilishicha, urush O‘zbekiston va Ukraina savdo-iqtisodiy hamkorligiga jiddiy salbiy ta’sir etgan.
“Urush boshlanguniga qadar tovar aylanmamiz 770 mln dollardan ortiq edi, hozir esa 300 million dollarga tushdi. Biz o‘n yillardan beri yig‘ilmayotgan hukumatlararo komissiya ishini tiklash harakatidamiz. Bizning O‘zbekistonga taklif qiladigan narsalarimiz bor. Mahsulotlarimizni bilishadi, texnologiyalarimizni bilishadi”, deya qo‘shimcha qildi Mishchenko.
Aytish joizki, bu 2022 yilning fevralida urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukraina TIVdan O‘zbekistonga delegatsiya kelishi. Mishchenko va vazirning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Mayko O‘zbekistondan avval Qozog‘istonda ham bo‘lgan. Diplomatlar O‘zbekistonning gumanitar yordami hamda bolalar uchun dasturidan minnatdor.
“Biz O‘zbekistondan, shaxsan prezidentdan uning dunyoqarashi, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashdagi prinsipial pozitsiyasi uchun minnatdormiz. Bu bizga yanada rivojlanish imkonini beradigan asosiy tamoyildir. O‘zbekiston ko‘rsatgan gumanitar yordam biz uchun juda zarur va hukumatning bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha qarori — bu ham umumiy g‘alabamizga qo‘shilgan katta hissa. Hozir men bu yil bolalarni sog‘lomlashtirish dasturi qayta tiklanishi haqidagi qarorni eshitdim, shuningdek, qandaydir gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ham qaror qabul qilinadi. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan barchadan minnatdormiz. Ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydimi, kamroqmi, farqi yo‘q. Asosiysi, qo‘llab-quvvatlayotgani. Bu eng muhimi. Chunki bugun butun sivilizatsiyalashgan dunyo bizni o‘rta asrlarga qaytarmoqchi bo‘lganlarga qarshi kurashish uchun birlashmoqda. Biz esa hammamiz oldinga intilamiz. Biz BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq mudofaa huquqimizni amalga oshirmoqdamiz. Shuning uchun men aytaman, biz O‘zbekistondan minnatdormiz va bir-birimizni o‘zaro qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligi ustida ishlashda davom etamiz”, dedi Ukraina TIV o‘rinbosari.










