Ispaniya Oliy sudi «Barselona» sobiq hujumchisi Neymar, shuningdek, klubning sobiq prezidentlari Sandro Rosel va Jozep Mariya Bartomeuga nisbatan 2013 yilda braziliyalik futbolchining transferida korrupsiya va firibgarlik ayblovlari bo‘yicha oqlov hukmini tasdiqladi.
Neymar 2013 yilda Braziliyaning «Santos» klubidan 57,1 million yevro evaziga Kataloniya klubiga o‘tdi. Keyinroq «Barselona» qo‘shimcha to‘lovlar haqida gapirdi, futbolchining otasi esa o‘g‘li uchun taxminan 100 million yevro to‘langanini aytdi.
Ish 2016 yilda Braziliyaning DIS investitsiya kompaniyasi tomonidan qo‘zg‘atilgan bo‘lib, u Neymarga nisbatan iqtisodiy huquqlarning 40 foiziga egalik qilgan, biroq futbolchiga faqat transfer kelishib olingandan keyingina boshqa klubga o‘tishga ruxsat beradigan federal huquqlarga ega emas edi. Sudning ta’kidlashicha, FIFA qoidalariga ko‘ra, klublar kelishuvga erishmaguncha, federal huquqlar o‘tkazilmaydi. Shuning uchun DIS «Barselona»ning futbolchi yoki uning otasi bilan muzokaralarini to‘sib qo‘ya olmadi.
Ishning asosiy elementi 2011 yil 15 noyabrdagi, ya’ni haqiqiy transferdan ikki yil oldingi kelishuvdir. O‘shanda Neymarning «Santos» bilan shartnomasi 2014 yilgacha edi, shuning uchun «Barselona» futbolchini sotib ololmadi, faqat kelajakda uni sotib olish huquqini saqlab qoldi. Klub Neymarning otasiga 40 million yevro to‘ladi - bu transfer uchun emas, balki braziliyalik erkin agentga aylangan taqdirda opsion (afzallik uchun mukofot) evaziga. DIS bu pullarni pora va transferning haqiqiy miqdorini yashirish deb atadi, ammo sud to‘lovni qonuniy deb topdi.
Kutilganidan farqli o‘laroq, «Barselona» Neymarning 2014 yilda erkin agent maqomini olishini kutib o‘tirmadi, balki 2013 yildayoq «Santos» bilan transfer bo‘yicha kelishib, klubga 17,1 million yevro to‘ladi (shundan DIS o‘zining 40 foizini - 6,84 million yevroni oldi).
Sud buni DIS kompaniyasini aldash niyati emas, balki sport qarori deb hisobladi. Hatto 2011 yildagi kelishuv FIFA ichki qoidalarini buzgan bo‘lsa ham, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. «Bu jinoiy emas, balki sport ma’muriy huquqi sohasiga taalluqli», deyiladi qarorda.
Sudning ta’kidlashicha, Neymar, uning otasi, «Santos» va «Barselona» o‘rtasida DIS kompaniyasini tegishli pullardan mahrum qilish maqsadida til biriktirish haqida hech qanday dalil yo‘q. Futbolchining otasiga to‘langan 40 million yevrodan ulush bo‘yicha da’volar rad etildi - bu mablag‘lar transfer uchun emas, balki kelajak uchun opsion to‘lovi edi. «Biznesda korrupsiya jinoyati ham, noqonuniy firibgarlik ham sodir etilmagan», deb xulosa qildi Oliy sud.







