Rossiya prezidenti xavfsizligi uchun mas’ul hisoblangan Federal qo‘riqlash xizmati (FSO) ehtimoliy suiqasdlardan xavfsirayotgani tufayli Vladimir Putinni himoya qilish choralarini sezilarli darajada kuchaytirgan. Yevropa mamlakatlaridan birining razvedkasi shunday xulosaga kelgan, «Vajnyye istorii», shuningdek, CNN va Financial Times nashrlari jurnalistlari ushbu hisobot bilan tanishib chiqqan.

Choralarning bir qismi prezidentning o‘ziga ham taalluqli. Bunday choralar orasida quyidagilar bor:

  • Putin haftalab vaqtini modernizatsiya qilingan bunkerlarda o‘tkazadi – bunday joylardan biri Krasnodar o‘lkasida joylashgan (Rossiya nashrlari esa uning faoliyati haqidagi hisobotlar uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan videomateriallardan foydalanmoqda).
  • Putin tashrif buyuradigan joylar ro‘yxati jiddiy darajada qisqartirilgan: uning o‘zi ham, oilasi a’zolari ham endi Moskva oblastidagi va Valdaydagi qarorgohga bormayapti.
  • 2026 yilda Putin biror marta harbiy obektlarga bormadi, holbuki o‘tgan yili bunday safarlar muntazam tus olgandi.

Boshqa xavfsizlik choralari esa Putin bilan ishlaydigan xodimlarga tegishli:

  • Uning yaqin xodimlarining uylarida kuzatish tizimlari o‘rnatilgan.
  • Prezidentga xizmat qiladigan oshpaz, tansoqchi va fotosuratchilarga jamoat transportidan foydalanish taqiqlangan, prezident ma’muriyati hududida esa ular ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tadi, jumladan, Federal qo‘riqlash xizmati tomonidan sinchiklab tekshiriladi.
  • Putinning yonida ishlaydigan xodimlar faqat internetga kira olmaydigan telefondan foydalanishi mumkin.

Xavfsizlik choralarini kuchaytirish keng ko‘lamli tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi, endi FSO xodimlari tekshirishda kinologiya bo‘linmalaridan foydalanmoqda. Qo‘riqchilar dronlarning ehtimoliy hujumiga tezkor reaksiya ko‘rsatish uchun Moskva daryosi yoqalab joylashtirilgan. Bundan tashqari, Moskvaning alohida rayonlarida vaqti-vaqti bilan aloqa tarmoqlari o‘chiriladi, deya yozadi «Vajnyye istorii». Jurnalistlar ta’kidlashicha, Putinga aloqador har qanday axborot e’lon qilinishidan oldin Federal qo‘riqlash xizmati bilan kelishilishi kerak.

Choralarning bir qismi RF qurolli kuchlari Bosh shtabi operativ tayyorgarlik boshqarmasini boshqargan general-leytenant Fanil Sarvarov o‘ldirilishidan keyin joriy etilgan. 2025 yil dekabrida Sarvarovning avtomobili Moskvadagi uyi oldidagi turargohda portlatib yuborilgan, ushbu qotillik muhokamasi vaqtida kuchishlatar tuzilmalar vakillari o‘rtasida ixtilof kelib chiqqan, deya qayd etadi Yevropa razvedkasi.