Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga yuzlandi: jahon siyosiy sahnasida ro‘y berayotgan jarayonlarga ular qanday baho beradi?

Bo‘lajak diplomatlar davrasida uchta mavzu: Rossiya–Ukraina urushi, AQSh–Eron ziddiyati va Tayvan mojarosi turlicha rakurslardan ko‘rib chiqildi.

Suhbatda Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti talabalari Lutfulloxon Haydarov, Zuhriddin Po‘latov, Muhammadsodiq Muhammadsiddiqov, Sarvarbek Ismoilov va Xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari Farangiz Qoraqulova, Azamat Rahimov, Azizbek Rasulov, Og‘abek Rabbimov ishtirok etdi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Quyida suhbatning kirish qismidan kichik parcha keltirib o‘tiladi.

— Ukraina urushi NATO kengayishining oqibatimi yoki Rossiya siyosatining natijasi?

Lutfulloxon Haydarov: Vladimir Putin Sovet Ittifoqining parchalanishini XX asrning eng katta fojiasi deb atagan. Bu fikr shuni anglatadiki, sovet davlati qulaganidan so‘ng Putin va umuman Rossiya siyosiy elitasi ongida imperiyaviy tafakkur saqlanib qolgan. Tarixiy nuqtayi nazardan qaraganda, Rossiyaning so‘nggi qariyb 500 yillik tashqi siyosati deyarli o‘zgarmagan: qo‘shni hududlarga harbiy bosim o‘tkazish, ularni nazorat ostiga olish, bufer zonalar yaratish va shu orqali o‘z xavfsizligini ta’minlash.

Bu yondashuvni bugungi kunda ham kuzatish mumkin: Rossiya–Gruziya urushi, Qrim anneksiyasi va Chechenistondagi harbiy harakatlar bunga misol bo‘la oladi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirarkan, dastlab Ukrainadagi rus aholisi himoyasi vajini ilgari surdi. Biroq agar bunday muammo real va tizimli bo‘lganida, xalqaro huquq mexanizmlari – masalan Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki xalqaro sudlar orqali hal etilishi mumkin edi. Amalda esa Rossiya diplomatik yo‘lni tanlamadi va harbiy bosqinchilikni boshladi.

Urush kutilgan natijani bermagach, rasmiy pozitsiyalar tez-tez o‘zgara boshladi. Orada “G‘arbga qarshi kurash” narrativi ham ilgari surildi. Bu o‘zgaruvchan izohlar aniq strategik asosdan ko‘ra, vaziyatga moslashtirilgan bahonalarni eslatadi.

1997 yilda Rossiya siyosiy doiralariga yaqin shaxs – Konstantin Zatulin tomonidan chop etilgan maqolada Rossiyaning qo‘shni davlatlarga nisbatan siyosati haqida muhim tezislar ilgari surilgan edi. Unda Ukrainaga alohida urg‘u berilib, uning zaiflashuvi Rossiya manfaatlariga xizmat qilishi mumkinligi, shuningdek, rus aholisi masalasidan siyosiy vosita sifatida foydalanish mumkinligi qayd etilgan. Hozirgi voqealar ushbu yondashuvlarning amaliy siyosatda aks etayotganini ko‘rsatadi.