Ukrainadagi eng mashhur harbiylardan biri, dronlar bo‘linmasi qo‘mondoni, «Major» laqabli Robert Brovdi BBC muxbiri Sara Reynsford bilan suhbatda Rossiyaning bir yarim, hatto ikki ming kilometr masofadagi ichki hududlari ham endi xavfsiz hisoblanmasligi, Ukraina dronlari operatorlariga Rossiya har oyda urushga yollayotganidan ko‘ra ko‘proq rossiyaliklarni o‘ldirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq berilgani va ular bu rejani oshig‘i bilan uddalayotgani haqida gapirdi.

Aprel oyidan Ukraina Rossiyaning ichkari hududlari bo‘ylab yanada faollik bilan zarba berishga kirishdi. Asosiy e’tibor neftni eksport qilishda foydalaniladigan infratuzilmaga qaratilmoqda – bunday obektlarga har qachongidan jiddiyroq zarbalar berilishi boshlandi.

Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari komandiri Robert Brovdi BBC muxbiriga bergan intervyusida (u jurnalistlar bilan juda kam muloqot qiladi) bunday zarbalar ortishda davom etishini ma’lum qilgan. U shuningdek ukrain dronlari rekord miqdorda rossiyalik harbiylarni o‘ldirayotgani va shu orqali frontda Rossiyaning yurishi to‘xtatib turilgani haqida gapirgan.

«Endi Rossiyaning 1500 kilometr va 2000 kilometr ichkari hududlari – frontortidagi tinch joylar emas. Ukrainaning hurliksevar „qushchasi“ qachon qayerni istasa, o‘sha yerga uchadi», – deya ogohlantiradi Robert Brovdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning ichkari hududlariga zarbalarni «Moskva uchun juda og‘riqli» deb ataydi va ular Rossiya energetika sektoriga «o‘ta jiddiy» zarar yetkazayotgani, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli jahon bozorida neft narxi keskin oshganiga qaramay, Rossiya o‘nlab milliard dollar zarar ko‘rayotganini aytadi.

Bunday hujumlar yanada intensiv tus olgani texnologiyalar rivojlangani bilan ham bog‘liq. Ukrainada ishlab chiqarilayotgan dronlar arzonroqqa tushmoqda va uchish masofasi uzaymoqda: endi ular ming kilometrdan ikki ming kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi.

Ularning qayerga uchishi ham muhim. Rossiya jonli kuchlari va harbiy zavodlariga qo‘shimcha ravishda endi Rossiya energetika eksporti ham ustuvor nishonga aylandi.

«Putin tabiiy resurslarni qazib olib, ularni qonli dollarlarga aylantirmoqda. Ular o‘z yeridagi yerosti boyliklarini dollarga ayirboshlaydi, keyin esa „shahid“lar va ballistik raketalar ko‘rinishida bizga qarshi yo‘naltiradi», – deya bunday zarbalarni izohlaydi Brovdi.

Qora dengiz sohilidagi Tuapse shahri aholisi mahalliy neft terminali ketma-ket zarbalar ostida qolganidan keyin toksik yomg‘irlardan aziyat chekdi. Ammo Brovdi pinagini buzmaydi.