Yig‘ilishda qayd qilinishicha, poytaxt aholisi va mehmonlari soni ortib borayotgani, shahar kengayishi va jamoat transportiga talab oshishi metropolitenni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda 2030 yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, 2026-2028 yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Vagon va platformalarda raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari, kichik savdo obektlarini joylashtirish, stansiyalar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etildi.
Avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida “Park&Ride” tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilindi. 2027-2030 yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.


















