O‘zbekiston | 11:52
3566
2 daqiqa o‘qiladi

Soliqchi va sobiq hokim o‘rinbosariga nisbatan ish ochildi

Samarqand viloyatida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq tizimi va mahalliy hokimiyatda ishlagan mansabdor shaxslar noqonuniy ravishda pul olgan vaqtda ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi “Buxgalteriya markazi” davlat muassasasi hisobchisi fermer xo‘jaligiga hisoblangan 150 mln so‘mlik soliq qarzdorligini kamaytirib berishni va’da qilgan. U buning uchun fermer rahbaridan avval 3 mln so‘m olgan.

Keyinchalik hisobchi qo‘shimcha 15 mln so‘m talab qilib, ushbu mablag‘ni Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birgalikda olayotgan vaqtida DXX hamda IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holat Kattaqo‘rg‘on tumanida qayd etilgan. 2025 yilda tuman hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs fuqaroni tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 14 mln so‘m olgani aniqlangan. Ammo u va’dasini bajarmagan.

Tezkor tadbir davomida hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan mazkur shaxs olgan pul mablag‘ining bir qismi sifatida 1000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida fosh etilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish