Farg‘onada piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 3 kishini tanishining mashinasida urib yuborgan Xadichabonu Habibullayeva endi qamoqda. Unga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikni mahrum qilish jazosiga almashtirildi.  

Jinoyat ustiga jinoyat

Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, Xadichabonu Habibullayeva tayinlangan jazoni o‘tash davrida yana bir jinoyatga qo‘l urgan. U 2026 yil 9 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi o‘zi yashab kelgan xonadonda 300 ming so‘m va 200 dollar evaziga qo‘shmachilik qilgan.

Shartli mijozlarga jinsiy aloqa qilishlari uchun uyida sharoit yaratib bergan Xadichabonu Habibullayeva tezkor tadbirda ushlangan.

JIB Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 17 martdagi hukmi bilan Xadichabonu Habibullayeva Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga YTH sodir qilishi bilan bog‘liq avvalgi jinoyati uchun berilgan jazoni qisman qo‘shgan holda 2,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, u 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Ayolga o‘qish va ish joyiga borib-kelish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda yashash xonadonidan chiqishi cheklangan. 

Almashtirilgan jazo

Biroq Xadichabonu Habibullayeva sud belgilagan cheklovlarga amal qilmagan.

Xususan, 2026 yil 8 aprel kuni soat 21:15 larda Farg‘ona shahar IIB JXX Probatsiya bo‘limi yashash xonadoniga borib tekshirganida, u uyida yo‘qligi aniqlangan. Xadichabonu Habibullayevaga holat bo‘yicha ogohlantirish intizomiy jazosi qo‘llangan.

2026 yil 24 aprel kuni soat 21:00 larda o‘tkazilgan tekshiruvda ham Habibullayeva yashash xonadonida yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng Farg‘ona shahar IIB taqdimnoma kiritib, suddan ozodlikni cheklash jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishni so‘ragan.

JIB Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 1 maydagi ajrimi bilan Xadichabonu Habibullayevaga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan 2 yil 5 oy 4 kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirilgan. U jazoni o‘tash uchun manzil-koloniyasiga yuborilishi belgilangan.

“280 ming so‘m moddiy zarar” voqeasi