Yigirma ikki yillik kutish, olti yillik tayyorgarlik: nihoyat Premiyer-liga g‘olibligi yana «Arsenal»ga qaytdi. Quyida «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta nihoyat chempionlikka erishish uchun nimalarga e’tibor qaratgani haqida.
Zerikarli, quruq, avtobus, haramfutbol – «Arsenal» o‘yinlari haqida boshqa klub muxlislari shunday so‘zlar aytib kelishdi. Ha, Mikel Arteta oltin medallar uchun chiroyli o‘yindan voz kechdi. U romantik futbolni bir chetga surib, surbetlik, hisob-kitob va shafqatsizlikni targ‘ib qildi. Chunki Mikel shuni tushunib yetgandi: luzer qolipini buzish va doimo kulgi bo‘ladigan jamoa bilan muvaffaqiyatga erishish uchun hammaga yoqishni bas qilish va mayda detallarga e’tibor qaratish kerak.
Temir intizom
Hissiy beqarorlik ancha vaqt davomida «Arsenal»ning tashrif qog‘ozi bo‘lib kelgandi. Ahmoqona chetlatilishlar, hakamlar bilan bahslashuvlar, tajovuzkor harakatlar – bularning barchasi o‘tgan yillarda jamoani muhim ochkolardan quruq qoldirgan. Bu mavsumda esa muxlislar o‘ta tartibli jamoaga guvoh bo‘lishdi: hech kim jahl qilib to‘pni tepib yubormadi, futbolchilar maydonda raqiblarning provokatsiyalariga uchmadi va qo‘pol podkatlardan o‘zini tiydi. Buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin – futbolchilarga 37 tur davomida birorta qizil kartochka ko‘rsatilmadi, jamoa sariq kartochkalar soni kamligi bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan. O‘ta shafqatsiz bosim ostida futbolchilar o‘zini o‘zi nazorat qilish bo‘yicha namuna ko‘rsatdi. Atrofdagi hamma o‘yin uslubini qattiq tanqid ostiga olib, nafratini sochayotganida ular his-tuyg‘ularini jilovlay olish orqali yetuklikka erishganini namoyish etishdi.
Standartlar inqilobi

Arteta Angliya futbolida standart vaziyatlar inqilobi boshlanayotganini o‘z vaqtida his qildi va shu bo‘yicha ixtisoslashgan murabbiyni klubiga taklif etdi – Nikolya Jover Mikelning g‘oyalariga ishondi va «Manchester Siti»dan ashaddiy raqib safiga ko‘chib o‘tdi. Jover standart vaziyatlar bo‘yicha ishlashda to‘liq erkinlikka ega bo‘ldi va bu mavsumda jamoa bu borada ideal holatga keldi. «Arsenal» Yevropada burchak zarbalaridan eng ko‘p gol urgan jamoaga aylandi, raqiblar bu uslubga moslashganida esa standart vaziyatlarni yangicha ijro etishga o‘tdi. Va bu ham natija keltirdi. Artetaning murabbiylar shtabi ishni shunday bajardiki, raqiblar burchak zarbalaridan xuddi penaltidan qo‘rqqandek qo‘rqib qolishdi. Ko‘pchilik futbol muxlislariga bunday o‘yin yoqmasligi mumkin, ammo yodda tutish kerakki, «Arsenal» APLda o‘ynaydi, bu yerda esa klassik inglizcha uslubda kerakli natijaga ega bo‘lish hech qanday ayb emas.










