22-oktabr kuni Fransiya rasmiylari mamlakat shifokorlari odatda hayvonlarda uchraydigan Shamonda virusini tarixda ilk bor insonda aniqlaganini maʼlum qildi. Mazkur bemor vafot etgan, biroq hukumat bu alohida holat ekanini va umuman olganda, virus odamlar uchun xavf tugʻdirmasligini taʼkidlamoqda.
Shamonda virusi odatda hayvonlar orasida mayda qon soʻruvchi hasharotlar chaqishi orqali yuqadi. U Afrika va Osiyoda bir necha oʻn yillardan beri tarqalmoqda, Yevropada esa ilk bor shu yilning yozida aniqlangan edi.
Fransiya Sogʻliqni saqlash va Qishloq xoʻjaligi vazirliklarining qoʻshma bayonotida aytilishicha, vafot etgan bemorning immun tizimida jiddiy muammolar boʻlgan va shu sababli bu holat istisno hisoblanadi.
Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, marhum bemorga virus chivin chaqishi oqibatida yuqqan. Bu holat Fransiyaning sharqida, virus hayvonlar orasida tarqalgan hududda yuz bergan.
Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) Fransiyadagi holat va uning oqibatlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini maʼlum qildi.
«ECDC Fransiya rasmiylari hamda yevropalik hamkorlar bilan aloqada boʻlib turibdi va jamoat salomatligi uchun ehtimoliy oqibatlarni oʻrganmoqda», - deyiladi markaz bayonotida.
Butunjahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (WOAH) maʼlumotlariga koʻra, uy hayvonlari orasida Shamonda virusi asosan qoramollarga zarar yetkazadi, biroq u ot, qoʻy va echkilarda ham aniqlangan.
Virus qoramollarda oʻtkir diareya, isitma, lohaslik va sut kamayishiga sabab boʻladi. Reuters agentligining xabar berishicha, Fransiya fermalarida Shamonda virusi bilan kasallangan sigirlarning suti toʻrt barobarga kamayib ketgan.
Ushbu virus ilk bor 1960-yillarning oʻrtalarida Nigeriyada aniqlangan boʻlib, shundan buyon Afrikaning ayrim mintaqalariga, shuningdek, Yaponiyaga tarqalgan.
Yevropada Shamonda virusi mavjudligi iyul oyi oxirida qayd etildi - tahlillar Germaniya janubi, Shveysariya va Fransiya sharqidagi qoramollarda virus borligini koʻrsatdi.
Fransiyaning haftalik veterinariya byulleteni maʼlumotlariga koʻra, shundan beri virus Irlandiya va Portugaliyadan tortib Avstriya va Sloveniyagacha boʻlgan Gʻarbiy Yevropaning 14 ta davlatida aniqlangan.

















