2 iyun kuni minglab albaniyaliklar poytaxt Tirana ko‘chalariga chiqib namoyish o‘tkazdi. Ular Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerga aloqador kompaniya Adriatika dengizi sohilida rejalashtirilgan qurilish loyihasiga qarshi norozilik bildirmoqda.

Reutersʼning yozishicha, qiymati 1,6 milliard dollar bo‘lgan kurort loyihasi Kushnerning «Affinity Partners» investitsiya firmasi tomonidan Vyose-Narta qo‘riqlanadigan hududi yaqinidagi o‘zlashtirilmagan sohilda amalga oshirilmoqda.

2024 yil dekabr oyida Albaniya hukumati Kushner tomonidan taklif etilgan, bir vaqtlar suvosti kemalarining maxfiy harbiy bazasi bo‘lgan kimsasiz Sazan orolida qurilish qilish rejasiga dastlabki ruxsatni bergandi.

2026-06-03 20.36.10

Seshanba kuni kechqurun namoyishchilar Albaniya bosh vaziri Edi Ramaning idorasi oldiga to‘planishdi. Ular qo‘llarida «Millat sotilmaydi» va «Men Albaniyaning Dubay kabi bo‘lishini xohlamayman» degan yozuvli plakatlarni ushlab turishgandi.

2026-06-03 20.36.22
Foto: Reuters

«Biz barcha qurilishlar to‘xtatilishini va og‘ir texnikalar muhofaza etiladigan hududdan olib chiqilishini istaymiz», degan ekolog Joni Vorpsi. Uning aytishicha, bu kurort loyihasi – «taxminan 10 000 xonali yangi shahar bo‘ladi va u yovvoyi tabiat hududini butunlay vayron qiladi».

Noroziliklar va to‘qnashuvlar

So‘nggi bir necha kun ichida quruvchilar Vlyora yaqinidagi rejalashtirilgan hududda katta tikanli, simli to‘siqlar o‘rnatgach norozilik namoyishlari yanada kuchaygan.

Namoyishchilar og‘ir texnika izlari va qum tepaliklarini buzayotgan buldozerlarni payqashgan. U yerga olib boradigan kamida bitta yo‘l ham qurilgan.

2026-06-03 20.36.32
Foto: Reuters

Shundan so‘ng, 30 may – shanba kuni bir necha yuz kishi to‘planib, xususiy qo‘riqchilar bilan to‘qnashdi va ba’zilar jarohat oldi.