Bugun benzin haqida gaplashamiz. Bizning Samarqanddagi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga borsangiz, asosan, Rossiya benzini sotiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan benzin topilmasligi mumkin, lekin Rossiya benzini deyarli hamma yerda bor. Bizda ko‘pchilik gazda yoki elektrokarda yurgani uchun benzinni odatda navbatsiz sotib olish mumkin.
Lekin Rossiya 2014 yil o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Qrimda ana shu bizda navbatsiz, bemalol sotib olish mumkin bo‘lgan Rossiya benzini «anqoning urug‘iga» aylandi. Qrimliklarning aytishicha, benzin faqat talon bilan berilyapti, talonni esa tashkilotlar beryapti. Qrimga borgan sayyohlar mashinasi o‘chib nima qilarini bilmay qolgan.
Yerining osti neftga to‘la, dunyodagi eng yirik neft zaxirasiga ega davlatlardan bo‘lgan Rossiyada qanaqasiga benzin defitsit bo‘lishi mumkin? Urush sabab, albatta! Ukraina Rossiyaning quruqlik qismini Qrim bilan bog‘laydigan «Novorossiya» trassasini «o‘lim yo‘li»ga aylantirib, u yerdan yoqilg‘i tashiyotgan mashinalarni tinimsiz nishonga olmoqda. Oqibatda Ukrainaga tegishli bo‘lgan, Rossiya 2014 yil o‘z tarkibiga qo‘shib olgan yarimorolda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga keldi.
Benzin uchun talon
Shukrki, men bir kun ham SSSR muqaddas tuproqlarimizga egalik qilgan kunlarda yashamaganman. Biz mahsulotlarni talon bilan sotib olish nima ekanini bilmay katta bo‘lgan mustaqillik farzandlarimiz. Lekin sovet odamlari oddiy yeguliklar ham talon bilan sotilgan davrlarni yaxshi eslaydi. Tasavvur qiling, odamlar oddiy bo‘lka nonni navbatga turib, talon bilan, «quloqqa o‘lchab» sotib olgan. Qadamda mahsulot to‘la supermarketlar bo‘lgan hozirgi kunda bunaqasini xayolga keltirish ham qiyin.
Tarixga ko‘p ham sho‘ng‘imay, talon masalasiga qaytsak. Demak Rossiya nazoratidagi Qrimda benzin bilan bog‘liq vaziyat shunchalikka yetdiki, endi u yerda yoqilg‘ini talon bilan, bir kishiga 20 litrdan sotishyapti. Va bu holat dunyodagi eng neftga boy davlatlardan biri Rossiyaning strategik muhim qismida sodir bo‘lmoqda.
Internet qrimliklarning benzin uchun kilometrlab navbatda turgani, qo‘lida idish ko‘tarib benzin qidirib yurgani, odamlar benzinni o‘payotgani haqida turli xil videolarga to‘lib ketdi. Benzin olib ketayotgan yuk mashinalarini «Berlindan g‘alaba xabarini olib kelgandek» xursandchilik bilan qarshilashmoqda. Xuddi bizning qishdagi metanga navbatlarni eslatadigan holat, lekin ruslar bunaqasiga odatlanmagan. Axir Rossiyada benzin taqchil bo‘lishi aqlga sig‘adigan holat emas-da. Lekin urush barchasini o‘zgartirib yubordi.















